Energiya resurslarini talon-toroj qilganlarga chora ko‘rildi
Elektr energiyasi — mamlakat iqtisodiyoti va aholi turmush farovonligini ta’minlovchi eng muhim strategik resurslardan biri hisoblanadi. Uni tejamkorlik bilan ishlatish va qonunchilik talablariga rioya qilish har bir iste’molchining burchi sanaladi. Afsuski, ayrim holatlarda shaxsiy manfaatni ustun qo‘yib, elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish orqali davlat va jamiyat manfaatlariga katta zarar yetkazish holatlari hamon uchrab turibdi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari ana shunday yirik qonunbuzarliklarning oldini olishga xizmat qildi.
Tekshiruvlar davomida Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri elektr ta’minoti tarmog‘iga yashirincha ulanib, hisobga olish uskunalarini chetlab o‘tgan holda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik oqibatida 1 milliard 639 million so‘mlik elektr energiyasi noqonuniy iste’mol qilingan.
Shuningdek, Jondor tumanida joylashgan baliqchilik xo‘jaligida ham elektr energiyasidan qonunga zid ravishda foydalanish holati fosh etildi. Bu yerda yetkazilgan zarar miqdori 505 million so‘mni tashkil etgan.
Shunday qilib, har ikki holat bo‘yicha davlat manfaatlariga yetkazilgan umumiy zarar 2 milliard 100 million so‘mdan oshdi. Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli hujjatlar huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Energiya resurslarini talon-toroj qilish bir qarashda ayrim shaxslarga manfaat keltirgandek tuyulishi mumkin. Aslida esa bunday noqonuniy harakatlar elektr tarmoqlarida yuklamaning ortishiga, uzilishlar kelib chiqishiga, halol to‘lov qilayotgan iste’molchilar huquqlarining buzilishiga va davlat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladi.
Elektr energiyasiga nisbatan mas’uliyatli munosabat — bu nafaqat qonun talabi, balki jamiyat oldidagi fuqarolik burchidir. Har bir aniqlangan qonunbuzarlikka murosasiz munosabat bildirilishi mamlakatda adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri