Prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in pallada
Poytaxtimizda Biznes-ombudsman tomonidan joriy yil 20-avgust - Tadbirkorlar kuni arafasida o‘tkaziladigan davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonlari yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Biznes-ombudsman sho‘’ba mudiri Guljamol Shukurova tomonidan tun-u kun ishlayotgan Respublika shtabi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kun holatida jami 3 ming 879 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 3 ming 639 tasi qo‘ng‘iroqlar, 240 tasi esa telegram-bot orqali qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning 1 ming 780 tasi ijobiy hal etildi, 2 ming 99 tasi esa ko‘rib chiqish jarayonida turibdi.
Murojaatlar mazmuniga ko‘ra, ularda bank-moliya masalalari, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish, infratuzilma bilan ta’minlash hamda ishlab chiqarish maydonlari bilan ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar, tadbirkorlar mahsulotlariga bozor topish, tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda transport-logistika masalalari bo‘yicha murojaatlar ro‘yxatga olindi.
Hududlar kesimida esa eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri 494 ta, Qashqadaryo viloyati 457 ta, Samarqand viloyati 365 ta, Jizzax viloyati 325 ta va Toshkent viloyatidan 320 ta kelib tushdi. Misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning e-auksion orqali sotib olingan yer maydonini davlat tomonidan qaytarib qabul qilish hamda to‘langan mablag‘ning 85 foizini qaytarib berish haqidagi murojaati Biznes-ombudsman nazoratiga olinib, mablag‘larning qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Davlat rahbarining ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlar bilan bevosita uchrashuvlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Mas’ul tashkilotlar tomonidan 1 ming 128 ta uchrashuv o‘tkazilib, ularda 17 ming 140 nafar tadbirkor ishtirok etdi va ular tomonidan 6 ming 687 ta taklif va masalalar bildirildi. Shu bilan birga, Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan 89 ta uchrashuvda 4 ming 151 nafar tadbirkor qatnashdi. Tadbirkorlar tomonidan jami 1 ming 119 ta tizimli va individual masala bildirildi.
Tadbirkorlardan kelib tushayotgan har bir murojaat real vaziyatni chuqur tahlil qilish, sohadagi tizimli masalalarni oldindan aniqlash va ularga nisbatan eng maqbul yechimlarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA