Energetika sohasida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda
Aholi murojaatlari bilan ishlashda fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularga samarali yechim topish va har bir murojaatga individual yondashish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon mas’ul xodimlardan nafaqat sohaviy bilim, balki tinglash, muloqot qilish va muammoning yechimini topish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni ham talab etadi.
Energetika vazirligi tizimida murojaatlar bilan ishlovchi xodimlar uchun tashkil etilgan ikki kunlik maxsus o‘quv seminarida ana shu masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Prezidentning Xalq qabulxonasi hamda Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yoqilg‘i-energetika sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalarida aholi murojaatlari bilan ishlashga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Seminarda xodimlarning murojaatlar bilan ishlashdagi yondashuvlarini takomillashtirish, aholi bilan muloqot qilish madaniyatini oshirish va muammolarni hal etishda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratildi.

Aholi bilan ishlashda har bir murojaatga jiddiy yondashish, fuqaroning muammosini chuqur o‘rganish va unga imkon qadar samarali yechim topish muhim. Shuning uchun murojaatni faqat qabul qilish yoki unga rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmasdan, masalaning mohiyatini tushunish zarur. Bu esa xodimdan mas’uliyat bilan birga, to‘g‘ri muloqot qila olish va turli vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilish ko‘nikmasini ham talab etadi. Seminar doirasida xodimlarning ana shu jihatlarini yanada rivojlantirish va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsad qilingan.
Seminar davomida murojaatlar bilan ishlashning samarali usullari, aholi bilan muloqot o‘rnatish, murakkab va nizoli vaziyatlarni boshqarish hamda turli holatlarda maqbul qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, xizmat odobi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlarda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilib, ishtirokchilar aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlar bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajardi. Bu esa xodimlarga kundalik faoliyatida zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA