Mustaqillik — ozod va farovon hayot asosi
Mustaqillik bu, avvalo, xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, milliy qadriyatlari, tili, tarixi va ma’naviy merosini erkin asrab-avaylashi, kelajagini o‘z qo‘li bilan bunyod etish huquqidir.
Har bir inson uchun Vatan tushunchasi muqaddas. Vatan tinch bo‘lsa, xonadon tinch bo‘ladi. Yurt osoyishta bo‘lsa, farzandlar xotirjam ta’lim oladi, tadbirkor o‘z ishini rivojlantiradi, dehqon yerga urug‘ qadaydi, olim ilmiy izlanish qiladi, ustoz yoshlarga ilm beradi. Shu ma’noda, mustaqillikning eng buyuk ne’matlaridan biri — tinchlik va osoyishtalik.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida ortga nazar tashlar ekanmiz, istiqlol yillarida bosib o‘tilgan murakkab va sharafli yo‘l, erishilgan ulkan natijalar, xalqimiz hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mustaqillikni biz faqat davlatning siyosiy erkinligi sifatidagina emas, balki inson qadri ulug‘lanadigan, ilm va ma’rifatga keng yo‘l ochiladigan, milliy va diniy qadriyatlar tiklanadigan, xalq o‘z orzu-intilishlarini erkin amalga oshiradigan buyuk ne’mat sifatida tushunamiz.
Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi.
O‘zbekiston xalqi mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga asos bo‘luvchi ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Mustaqillik xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan davlat, inson qadri ustuvor bo‘lgan erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish imkonini berdi.
O‘tgan o‘ttiz besh yil ozod Vatanimiz uchun tom ma’nodagi uyg‘onish, tiklanish va yuksalish davri bo‘ldi. Iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat, ma’rifat, ma’naviyat, demokratik jamiyat qurilishi va boshqa sohalarda mislsiz yutuqlar qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, oxirgi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar shiddatli tus oldi.
Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda, demokratik yangilanish jarayonlari kechmoqda. O‘tgan davr erkin va farovon hayotni, buyuk kelajakni faqat va faqat mustaqillik asosidagina qurish mumkinligini ko‘rsatdi.
Yuksak siyosiy iroda tufayli O‘zbekiston dunyoga, dunyo O‘zbekistonga ochildi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari bilan muzlatilgan munosabatlarga iliqlik kirdi. Yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etildi. Buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi.
O‘zbekistonning dunyoga ochilishi va shaffof, pragmatik siyosat mintaqa tashqi siyosatidagi vektorlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi kunda qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amaldagi siyosatimizni dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda.
O‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi. Keyingi to‘qqiz yil ichida mintaqaning yuragida joylashgan mamlakat – O‘zbekistonning o‘zgargani, qo‘shnilar, qolaversa, dunyo hamjamiyati bilan ochiq siyosat yuritishga o‘tgani hisobiga yuz berayotganini barcha ko‘rib, his qilib turibdi.
Bu yilgi bayramning bosh g‘oyasi — “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu chaqiriqda o‘z ifodasini topgan. Ushbu shior Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyatini, xalqimizning ezgu orzu-intilishlari va yagona maqsad yo‘lidagi hamjihatligini o‘zida mujassam etadi.
Mustaqillik — bu faqat tarix sahifalariga muhrlangan buyuk sana emas, balki har bir avlod zimmasiga yuklangan yuksak mas’uliyatdir. Uni ko‘z qorachig‘idek asrash, yanada mustahkamlash, Vatanimiz qudrati va farovonligini yuksaltirish hamda kelgusi avlodlarga yanada obod, tinch va taraqqiy etgan mamlakatni meros qilib qoldirish barchamizning sharafli burchimizdir.
Zokir MARKAEV,
Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti
Pedagogika fakulteti dekani
Falsafa fanlari nomzodi, dotsent
O‘zA