Endilikda xarid cheki orqali avtomashina yutib olish mumkin
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-mayda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan mazkur hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida maxsus yutuqli o‘yinlar o‘tkazib boriladi.
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, xarid cheklarini “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik tarzda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Ilova orqali ishtirokchilarga ularning cheklari tanlovga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi.
Yutuqli o‘yinlar har oy “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali tashkil etiladi. Bir oy davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar umumiy bazaga jamlanib, g‘oliblar inson omilisiz — cheklarni tasodifiy tanlab olish orqali aniqlanadi.
Qarorga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir oylik yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina topshiriladi.
Mazkur tizim aholi o‘rtasida xarid cheklarini talab qilish madaniyatini shakllantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA