Yer ijara shartnomasini uzaytirish tartibi soddalashtirildi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-maydagi 255-son qarori bilan “Yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur hujjat yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish jarayonini aniq tartibga solish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va aholi hamda tadbirkorlar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, yer ijarasi muddatini uzaytirish istagida bo‘lgan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Arizaga avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi ilova qilinadi. Agar murojaat boshqa shaxs orqali taqdim etilsa, yer uchastkasi ijarachisi nomidan berilgan ishonchnoma ham talab etiladi.
Reglamentga muvofiq, ijaraga beruvchi tegishli vakolatli organlardan ma’lumotlarni olganidan so‘ng 10 ish kuni davomida yer uchastkasidan muntazam foydalanilgan yoki foydalanilmayotgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi.
Shundan so‘ng arizani kelishish yoki rad etish haqidagi qaror shakllantirilib, bu haqda ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi — 4 ming 120 so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.
Yer uchastkasining ijara shartnomasi tuman yoki shahar hokimligi tomonidan imzolangandan keyin avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.
Mazkur tartib yer munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA