Endi “svetofor” emas, “yo‘lchiroq” bo‘ladi
So‘nggi yillarda qonunchilik hujjatlaridagi ba’zi tushuncha va atamalarni davlat tilida yagona shaklda qo‘llash ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu bois, ayrim qonun hujjatlarida xorijiy tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlarni davlat tilidagi muqobili bilan almashtirish taklif etilmoqda.
Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida xorijiy tillardan o‘zlashgan ba’zi tushunchalar va yuridik atamalarni davlat tilidagi muqobili bilan almashtirish orqali ularni yagona shaklga keltirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Xususan, amaldagi qonunlarda aks etgan “avans”, “markirovka”, “marshrut”, “svetofor”, “parol”, “progressiv” so‘zlari o‘zbek tilidagi muqobili sifatida “bo‘nak” “tamg‘alash” “yo‘nalish” “yo‘lchiroq”, “o‘ron” va “ilg‘or” so‘zlariga almashtirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi qonun hujjatlaridagi ba’zi tushunchalar va yuridik atamalarning qo‘llanilishi borasida yuzaga kelgan noaniqliklarni bartaraf etish, ularning yagona shaklda qo‘llanilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova,
O‘zA