Elit OCHL: 3-turdan so‘ng jadvaldagi vaziyat qanday?
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichi 3-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Turnirning so‘nggi kungi bahsida «Shabab Al-Ahli» — «Istiqlol» va «Al-Shamal» — «Al-Hilol» uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
«Al-Shamal» «Al-Hilol»ni mag‘lub etgan bo‘lsa, «Shabab Al-Ahli» «Istiqlol»dan ustun keldi. O‘zbekistonning «Paxtakor» va «Neftchi» klublari esa navbatdagi uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchradi.
Al-Xor shahrida bo‘lib o‘tgan «Al-Shamal» — «Al-Hilol» bahsida mezbonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 8-daqiqasida Vesli Said hisobni ochdi. 32-daqiqada Salim Al-Davsari muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda Bag‘dod Bunedja (49-daqiqa) va Muhammad Ali Ben Romdan (54-daqiqa) kiritgan gollar «Al-Shamal»ga g‘alaba keltirdi.
Ushbu natijadan so‘ng «Al-Hilol» 6 ochko bilan umumiy jadvalning beshinchi pog‘onasidan joy oldi. «Al-Shamal» esa ochkolarini 5 taga yetkazib, oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Dubayda kechgan ikkinchi uchrashuvda «Shabab Al-Ahli» Eronning «Istiqlol» jamoasini qabul qildi. Bahsning 69-daqiqasida Mateus Lima hisobni ochgan bo‘lsa, 84-daqiqada Xuan Alvina Bezerra ikkinchi golni kiritdi. Har ikki golda ham Sardor Azmun golli uzatmani amalga oshirdi.
Shu tariqa, tarkibida o‘zbekistonlik futbolchilar Rustam Ashurmatov va Jaloliddin Masharipov harakat qilayotgan «Istiqlol» safarda 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Hozirda «Shabab Al-Ahli» 9 ochko bilan gollar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Istiqlol» esa 6 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onada qayd etilgan.

Shuningdek, ushbu turda BAAning «Al-Ayn» klubi o‘z maydonida Eronning «Traktor» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba orqali «Al-Ayn» ochkolarini 9 taga yetkazib, jadvalda birinchi pog‘onaga ko‘tarildi. «Traktor» esa uch o‘yindan so‘ng bir ochko bilan qoldi.
Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda mezbonlar 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Safardagi g‘alabadan so‘ng «Al-Ittihod» ochkolarini 4 taga yetkazib, sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Neftchi» esa 3 ochko bilan o‘ninchi pog‘onaga tushdi.
Bag‘dod shahridagi «Madina» stadionida «Eyr Fors» va «Paxtakor» klublari o‘rtasidagi bahs 1:0 hisobida yakunlandi. Ushbu natijadan so‘ng «Eyr Fors» 3, «Paxtakor» esa 2 ochko bilan mos ravishda 11 va 12-o‘rinlarni egalladi.

Saudiya Arabistonining amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» Qatarning «Al-Garafa» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba orqali saudiyaliklar ochkolarini 7 taga yetkazib, jadvalning kuchli uchligidan o‘rin oldi. «Al-Garafa» esa uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib, ochkosiz 15-o‘rinda qoldi.
Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» va Qatarning «Al-Sadd» klublari o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Shu tariqa, «Al-Qodisiya» ochkolarini 5 taga yetkazib, yettinchi o‘rinni band etdi. «Al-Sadd» esa musobaqadagi ilk ochkosiga ega bo‘lib, 14-pog‘onadan joy oldi.
Shu bilan birga, Osiyo chempionlar ligasining 3-turi doirasida Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» hamda BAAning «Al-Vasl» klublari o‘rtasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuv OFK tomonidan kechiktirildi. Ayni paytda «Al-Nasr» 3 ochko bilan to‘qqizinchi, «Al-Vasl» esa ochkosiz so‘nggi o‘rinda bormoqda. Mazkur bahs o‘tkazilganidan so‘ng umumiy jadvaldagi jamoalar o‘rni o‘zgarishi mumkin.

Elit Osiyo chempionlar ligasi turnirining G‘arbiy mintaqasida 4-tur bahslari 2–3-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tibori, avvalo, «Paxtakor» — «Al-Nasr» uchrashuviga qaratiladi. Toshkent klubi Saudiya Arabistonining kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushadi. «Neftchi» esa safarda Eronning «Traktor» jamoasi bilan kuch sinashadi.
2-noyabr, Toshkent vaqti bilan:
18:45 — «Paxtakor» — «Al-Nasr» (Riyoz);
21:00 — «Al-Vasl» — «Eyr Fors», «Traktor» — «Neftchi» (Farg‘ona), «Al-Sadd» — «Al-Ahli» (Jidda);
23:15 — «Al-Garafa» — «Al-Qodisiya», «Al-Ittihod» — «Al-Ayn».
3-noyabr, Toshkent vaqti bilan:
21:00 — «Istiqlol» — «Al-Shamal»;
23:15 — «Al-Hilol» — «Shabab Al-Ahli».
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA