Elektr ta’minotida yangicha tizim, zamonaviy boshqaruv
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 1 million 22 mingdan ortiq elektr energiyasi iste’molchisi (shundan 63 ming 485 tasi yuridik shaxs) bo‘lib, joriy yilning birinchi yarmida ularga 1 trillion 752 milliard so‘mlik elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Samarqand viloyatida elektr ta’minoti tizimini barqarorlashtirish, iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yangi yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar va xususiy sektor tajribasini jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qarzdorlikni kamaytirish – asosiy vazifalardan biri
Elektr ta’minoti tizimining barqaror ishlashi nafaqat tarmoqlarning texnik holati, balki iste’molchilarning to‘lov intizomiga ham bevosita bog‘liq.
– Samarqand viloyatida 2026-yil yanvar-iyun oylarida iste’molchilarga 1 trillion 752,4 illiard so‘mlik elektr energiyasi yetkazib berilib, 1 trillion 773,3 milliard so‘m mablag‘ undirildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali rahbari Eldor Mamasoliyev. – Ya’ni to‘lovlarni undirish rejasi 101,2 foizga bajarildi. Ammo debitor qarzdorlik masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda. 2026-yil 1-iyul holatiga umumiy debitor qarzdorlik 1 trillion 725,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Buning tarkibida 929,7 milliard so‘m undirilishi umidsiz debitor qarzdorlik bo‘lsa, 258,3 milliard so‘m hisoblangan penya va 537,7 milliard so‘m haqiqiy debitor qarzdorlikdir. E’tiborlisi, haqiqiy debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 42,6 milliard so‘mga qisqartirilgan.

Qarzdorlikni yanada kamaytirish maqsadida “Energosavdo” filiali Samarqand bo‘linmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, yil yakuniga qadar haqiqiy debitor qarzdorlik 50 foizga qisqartiriladi. Buning uchun qarzdor iste’molchilar bilan manzilli ishlash, elektr tarmog‘idan ajratish, sud organlariga da’vo arizalari kiritish hamda onlayn hisoblagichlardan samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Birgina iyun oyining o‘zida umumiy qarzdorligi 244,7 milliard so‘mni tashkil etgan 4219 ta qarzdor iste’molchi elektr tarmog‘idan uzildi. Shuningdek, 955 ta iste’molchiga nisbatan 19,9 milliard so‘mlik, yil boshidan buyon esa 4921 ta iste’molchiga nisbatan 126,1 milliard so‘mlik qarzdorlikni majburiy undirish maqsadida sud organlariga da’vo arizalari kiritildi.
Aytish mumkinki, bu boradagi yondashuv bir tomonlama emas. Bir tarafdan to‘lov intizomini oshirish, ikkinchi tarafdan esa iste’molchilarga sifatli va ishonchli elektr energiyasi yetkazib berish vazifasi uyg‘un olib borilmoqda.
Qishga tayyorgarlik: tarmoqlar bosqichma-bosqich yangilanmoqda
Bugun yilning to‘rt faslida ham elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lsa-da, kuz-qish mavsumi uchun alohida tayyorgarlik ko‘rish taqozo etiladi. Sababi bu davrda isitish tizimlaridan foydalanilishi tufayli elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortadi. Shu bois elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va avariyaviy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish muhim vazifa hisoblanadi.

Viloyatda bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 3020 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1220 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Filial rahbarining ta’kidlashicha, yilning birinchi yarmida rejaning salmoqli qismi bajarilib, 1799 kilometr tarmoq va 919 ta transformator punkti mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 6986,5 kilometr elektr tarmog‘i va 2061 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, birinchi yarim yillikda 3115,2 kilometr tarmoq hamda 1018 ta transformator punktida tegishli ishlar amalga oshirildi.
Yuzaga kelishi mumkin avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun zarur ehtiyot qismlari va materiallar zaxirasi ham shakllantirilgan. Jumladan, turli quvvatdagi transformatorlar, kabel, sim, temir-beton ustunlar va transformator moyi zaxirasi yaratildi.
– Ayni paytda tarmoqlarning texnik holatini yaxshilashda “qizil” va “sariq” toifadagi transformator punktlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi E.Mamasoliyev. – Bugungi kunda viloyatimizdagi 15042 ta transformator punktining 1220 tasi “qizil”, 7061 tasi “sariq” toifaga kiritilgan. Ta’mirlash ishlari boshlanganidan buyon “qizil” toifadagi 970 ta, “sariq” toifadagi 1203 ta transformator punkti ta’mirdan chiqarildi. Bu ishlar elektr ta’minotida uzilishlarni kamaytirish, tarmoqlarning ishonchliligini oshirish va kuz-qish mavsumida yuklamalarni barqaror qabul qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Yil yakuniga qadar yana 1221 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 301 ta transformator punktida mukammal ta’mirlash, shuningdek 3871,3 kilometr tarmoq va 1043 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Samarqand elektr tarmoqlarida yangi boshqaruv tizimi
Samarqand elektr ta’minoti tizimidagi eng muhim yangiliklardan biri hududiy elektr tarmoqlari korxonasini boshqarishda davlat-xususiy sheriklik tamoyili joriy etilayotganidir. Tarmoqlarni modernizatsiya qilish, ekspluatatsiya samaradorligini oshirish va aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarini yanada ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yurtimizda ilk bor “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand filiali davlat-xususiy sheriklik asosida Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazilmoqda. Xalqaro tender natijalariga ko‘ra, “Aksa Enerji” kompaniyasi Samarqand viloyatida taqsimlash elektr tarmoqlarini xususiy sektor boshqaruviga berish loyihasida g‘olib deb topilgan.
Kompaniya tomonidan ekspluatatsiya va avariya-tiklash xizmatlarini zamonaviy texnika va maxsus mexanizmlar bilan ta’minlash uchun 10 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, “qizil” toifaga kiritilgan chala ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarini yakunlash va ularni xavfsiz ekspluatatsiyaga tayyorlash uchun yana 15 million AQSH dollari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 1000 ta yangi kuch transformatori xarid qilinib, xizmat muddati 40 yildan ortiq bo‘lgan eski transformatorlar bosqichma-bosqich zamonaviy, energiya tejamkor uskunalarga almashtiriladi. Bu esa elektr ta’minoti tizimining texnik bazasini sezilarli darajada yangilashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi boshqaruv modelida mahalliy kadrlar masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Mavjud ishchi-xodimlarning ish bilan ta’minlanishi saqlanishi, kompaniyaning xalqaro tajribasini esa mahalliy mutaxassislar bilan uyg‘unlashtirish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, chet eldan cheklangan miqdorda mutaxassislar jalb qilinib, asosiy ishlar mahalliy kadrlar ishtirokida amalga oshirilishi belgilangan.
Tarmoqlarni qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish jarayonlarida mahsulotlarning asosiy qismini ichki bozordan, jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Urgutda Yangiyo‘l tajribasi
Shu yilning 27-iyul kuni Prezidentimiz raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Jumladan, Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida yurtimizdagi 13 tumanda hududlarning energiya iste’moli balansini shakllantirish, tarmoqlar va uskunalarni xatlovdan o‘tkazish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish borasida namunaviy tizim yaratib, keyinchalik uni boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilgan.
Samarqand viloyatida Urgut tumanini namunaviy hududga aylantirish belgilangan bo‘lib, elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvchi raisi S.Isoqulov rahbarligida maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. Hozirgacha tumandagi 85 ta transformator punktida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 2,3 kilometr yangi elektr uzatish tarmog‘i tortildi. Ta’minotni yaxshilash maqsadida 7 ta transformator, 9,3 km SIP kabel, 100 ta avtomat o‘chirgich va boshqa zarur jihoz, vositalar ajratildi. Shuningdek, shtab mas’ullari tomonidan tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, uzilishlar, quvvat yetishmasligi, texnik shartlar olish va qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar joyida o‘rganilib, hal qilinmoqda.
Viloyatda elektr ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar faqat elektr tarmoqlarini yangilash va ta’mirlash, yangi transformator o‘rnatish bilan cheklanmaydi. Bu iste’molchilarning to‘lov madaniyatini oshirish, elektr energiyasidan oqilona foydalanish, noqonuniy iste’mol holatlariga qarshi kurashish, tarmoqlarni raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni qamrab olgan kompleks jarayondir. Zero, zamonaviy elektr tarmog‘i nafaqat bugungi ehtiyoj, balki hududning ertangi iqtisodiy taraqqiyoti uchun ham muhim infratuzilmadir.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri