Eksportga yo‘l ochayotgan imkoniyatlar
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi mutaxassislari Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan “Mos Pekar” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda tashqi iqtisodiy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jarayonda korxona rahbariyati va mutaxassislari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan imkoniyatlar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Muloqotda Prezidentimizning 2025-yil 17-dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-martga qadar tayyor mahsulotlarga nisbatan tarif inversiyasi mavjud bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallarni “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida olib kirishni rag‘batlantirish choralari amalga oshirilmoqda.

Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan “Mos Pekar” korxonasiga unli qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan import xomashyolarini “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirishga ruxsat berilgan. Bu esa korxonaga ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot tannarxini optimallashtirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini kuchaytirish imkonini bermoqda. Mutaxassislar ma’lum qilishicha, korxona joriy yilning o‘zida qiymati 100 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan, umumiy og‘irligi 16 tonnani tashkil etuvchi import xomashyolarni mazkur bojxona rejimi asosida rasmiylashtirgan. Natijada ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz ta’minlash va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan.
Jarayonda tadbirkorlarning murojaat va takliflari ham tinglanib, ularni qiynayotgan masalalarni tezkor hal etish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish hamda ishlab chiqarish ko‘lamlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Umuman olganda, bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yanada qulay muhit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar esa biznes va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlarning muammolarini joyida hal etish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA