Ekologik talablarga rioya etish – barqaror rivojlanish garovi
Buxoroda atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat korxonalarining ekologik mas’uliyatini oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan mavzuda seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir Ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda atrof-muhitga ta’sir darajasi yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Mazkur qaror doirasida mamlakatimizda ekologik nazoratni kuchaytirish, sanoat korxonalarida zamonaviy ekologik monitoring tizimlarini joriy etish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Abdullayev, Ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi mas’ul xodimlari, shuningdek. sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida hududlarda faoliyat olib borayotgan, atrof-muhitga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini ekologik talablar asosida tashkil etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik me’yorlarga qat’iy rioya qilish, chiqindilarni samarali boshqarish, havo va suv resurslarini muhofaza qilish, shuningdek tabiatga salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanganidek, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish darajasiga ko‘ra 1 va 2 toifaga mansub sanoat korxonalari 2026-yil 1-martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatishi va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilishi zarur. Bu tizim orqali korxonalar faoliyatining atrof-muhitga ta’siri doimiy ravishda kuzatib boriladi va ekologik holatni tezkor baholash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan yoki ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan 1 va 2 toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlari besh baravar oshirilgan holda qo‘llanilishi qayd etildi. Bu esa korxonalarni ekologik talablarga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
Seminar davomida mutaxassislar hududlarda faoliyat yuritayotgan korxonalarning ekologik holatini nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tabiatga zarar yetkazilishining oldini olish hamda amaldagi qonunchilik talablarini to‘liq joriy etish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiatni asrash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhitni saqlab qolish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois davlat organlari, sanoat korxonalari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri