Ekologik nazoratdagi kamchiliklar uchun besh nafar hududiy rahbar lavozimidan ozod etildi
Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, atrof-muhit muhofazasi ustidan nazoratni kuchaytirish va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish masalalari mas’ullardan qat’iy talabchanlikni taqozo etadi.
Biroq, ayrim hududlarda bu boradagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagani tanqid qilindi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Ekopolitsiya boshlig‘i Aziz Abduhakimov raisligida ekologik nazorat sohasidagi kamchiliklar va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari samaradorligiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda ayrim hududlarda ekologik nazorat yetarli darajada olib borilmagani, chiqindilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni takroran sodir etgan shaxslarni aniqlash hamda ma’muriy javobgarlik choralarini to‘g‘ri qo‘llashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, ba’zi hududlarda atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalarni nazorat qilish uchun monitoring uskunalarini o‘rnatish va ularni elektron tizimga integratsiya qilish ishlari sust olib borilgan. Ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uskunalar o‘rnatilgani haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritmagan, hisobotlarni taqdim etmagan.
Fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan ekologik muammolar yuzasidan ham ayrim hollarda ta’sirchan choralar ko‘rilmagani tanqid ostiga olindi.
Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklar uchun mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, Andijon viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosari, Namangan viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosari, shuningdek, Xorazm viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilish yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ekologik nazorat samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va mas’ullarning ish natijadorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar belgilandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA