Ekologik huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar kuchaytirildi
Qulay atrof-muhitda yashash huquqi insonning asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish va ekologik huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil takomillashtirilmoqda.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Inson manfaatlarining to‘laqonli ta’minlanishi nafaqat uning yashash huquqi kafolatlanishi, balki sog‘lom va xavfsiz atrof-muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilishi bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu bois, bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta’minlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasiga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitda yashash va uning holati haqida ishonchli axborot olish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, atrof-muhitga zararli ta’sirlarning oldini olish hamda shaharsozlik sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Konstitutsiyaning 68-moddasiga ko‘ra esa yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik hisoblanadi. Ular davlat muhofazasida bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish har bir shaxsning burchi hisoblanadi.
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida bir qator muhim qonunlar qabul qilingan. Jumladan, “Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun tabiatni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini belgilasa, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonun ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlash mexanizmlarini mustahkamlaydi.
Fuqarolarning ekologik huquqlari bilan bir qatorda muayyan majburiyatlari ham mavjud. Xususan, har bir shaxs tabiatga zarar yetkazmasligi, chiqindilarni belgilangan tartibda joylashtirishi hamda suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi lozim.
So‘nggi yillarda ekologik qonunchilikni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2026-yil 5-mayda qabul qilingan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun sohadagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.
Mazkur hujjat bilan ekologik huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar kuchaytirildi. Xususan, suvlarni ifloslantirish, daraxtlarni noqonuniy kesish, atmosfera havosini me’yordan ortiq ifloslantirish, chiqindilarni saqlash va utilizatsiya qilish qoidalarini buzish kabi holatlar uchun jarimalar joriy etildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, chiqindilarni va havoga zararli moddalar ajratuvchi materiallarni ochiq alangada yoqish uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Mazkur o‘zgartishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad kimnidir jazolash emas, balki aholi uchun ekologik jihatdan qulay yashash muhitini shakllantirish, tabiatga ehtiyotkor munosabatni qaror toptirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishdan iborat.
Zero, ekologiya inson salomatligi, iqtisodiy taraqqiyot va kelajak avlodlar farovonligining muhim kafolatidir. Tabiatni asrash va uning ne’matlaridan oqilona foydalanish esa barchamizning burchimizdir.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 5-avgustda kuchga kiradi.
N.Abduraimova, O‘zA