Farg‘ona uzum va mevalari Malayziyada
O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarining mustahkamlanishida Farg‘ona viloyati dehqonlarining ham hissasi bor. Shu yildan Malayziyadagi yirik oziq-ovqat do‘konlarida Farg‘ona bog‘larida yetishtirilgan gilos, uzum va quruq mevalar sotila boshlandi.
Farg‘ona viloyati hokimi yaqinda Quala Lumpur shahriga qilgan safari chog‘ida hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishgan edi. Ana shu ahdlashuvning ijrosi sifatida Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiya vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdilar va Oltiariq tumanidagi “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi uzumchilik plantatsiyasida bo‘ldilar. Bu yerda “husayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” navli uzumlar yetishtirilmoqda. Mehmonlar Oltiariq uzumlarini Malayziya bozoriga kengroq va ko‘proq olib kirish yuzasidan kelishuvlar tuzishdi. Ma’lumki, o‘tgan yillar mobaynida Oltiariqda uzumchilikning o‘ziga xos maktabi shakllandi. O‘nlab turdagi yangi uzum navlari nafaqat ichki bozorda, balki xorij davlatlarida ham xaridorgir bo‘lib bormoqda. Eksport geografiyasi MDH davlatlaridan tashqari Eron, Indoneziya, BAA, AQSH, Malayziya singari mamlakatlar hisobiga kengaydi.

Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, agrotexnologiyalar, baliqchilik va sholichilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda bu jarayonda Malayziyaning ilg‘or tajribasidan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, eksport hajmini oshirish, logistika va ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
<iframe width="914" height="523" src="https://www.youtube.com/embed/8qj62x-dMhI" title="Farg‘ona uzum va mevalari Malayziyada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA