Ekologik ekspertiza: yangi tartib tadbirkorlar va jamoatchilik uchun nimalarni o‘zgartiradi?
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va investitsiya loyihalarining ekologik xavfsizligini ta’minlash borasida yangi bosqich boshlanmoqda.
Ekologik ekspertiza sohasida qabul qilingan yangi tartib nafaqat davlat nazoratini takomillashtiradi, balki tadbirkorlar uchun yanada qulay, shaffof va zamonaviy xizmatlarni joriy etadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi tegishli qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, qabul qilinayotgan hujjatlar bilan atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimi xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirildi. Endilikda har bir investitsiya yoki qurilish loyihasi uning atrof-muhitga keltirishi mumkin bo‘lgan ta’siri va xavf darajasidan kelib chiqqan holda baholanadi.
[gallery-30725]
Bu esa ekologik ekspertizani faqatgina hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni emas, balki ekologik xavflarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan samarali boshqaruv mexanizmiga aylantiradi.
Yangi tartibning muhim yangiliklaridan biri, skrining va skoping bosqichlarining joriy etilishidir.
Skrining orqali loyihaning ekologik ta’sir darajasi aniqlanadi va qaysi toifaga kirishi belgilanadi. Shundan keyin skoping bosqichida aynan qaysi ekologik omillar chuqur o‘rganilishi lozimligi belgilanadi.
Bu esa har bir loyiha uchun bir xil talab qo‘yish amaliyotidan voz kechib, xavf darajasiga qarab mutanosib talablarni belgilash imkonini beradi.
Yangi qarorga muvofiq, endilikda yirik loyihalarni baholashda ularning uglerod izi hamda issiqxona gazlari chiqindilariga ta’siri ham inobatga olinadi.
Bu mamlakatda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va xalqaro ekologik majburiyatlarni bajarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi tizimda fuqarolar va jamoatchilikning ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan.
Endilikda atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jamoatchilik fikrini inobatga olish mexanizmlari yanada takomillashtirildi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.
Qarorga ko‘ra, atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha hisobotlarni tayyorlovchi tashkilotlar va mutaxassislar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklanmoqda.
Taqdim etiladigan ma’lumotlarning haqqoniyligi, ilmiy asoslanganligi va sifatli tayyorlanishi ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Yangi tartib ekologik talablarni kuchaytirish bilan birga tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklarni ham nazarda tutadi.
Jumladan, ekologik ekspertiza uchun elektron tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi,
loyihalarning xavf darajasiga qarab mutanosib talablar qo‘llaniladi, davlat xizmatlari yanada shaffof va tushunarli bo‘ladi. Bundan tashqari ochiq reyting tizimi orqali ishonchli loyiha ishlab chiquvchilarni tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi, ortiqcha vaqt sarfi va moliyaviy xarajatlar qisqaradi.
Bu esa tadbirkorlarga o‘z investitsiya loyihalarini tezroq va samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi tizimning asosiy vazifasi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratish emas.
Aksincha, ekologik xavflarni loyihaning dastlabki bosqichidayoq aniqlash, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik muammolarning oldini olish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va byurokratik jarayonlarni soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, fuqarolarning ekologik xavfsiz muhitda yashash huquqini ta’minlash ham ushbu islohotlarning ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
Almurot Mamadaminov, O‘zA