1-sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘asi” yo‘lga chiqdi
Maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan har bir bola uchun 1-sentabr unutilmas kun hisoblanadi.
Ilk qo‘ng‘iroq, yangi sinfxona, birinchi ustoz va yangi kitoblar qatorida yana bir quvonchli an’ana – “Prezident sovg‘asi” ham birinchi sinf o‘quvchilarini qarshi oladi. Ushbu ezgu tashabbus orqali minglab bolalarga bilim olish uchun zarur o‘quv qurollari to‘plami taqdim etilib, ularning ta’limga bo‘lgan qiziqishi va ilk qadamlari qo‘llab-quvvatlanadi.
Joriy yilgi 2026/2027 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan “Prezident sovg‘asi” 12 turdagi o‘quv qurolidan iborat. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘quv qurollari 15-avgustgacha barcha hududlarga, 25-avgustgacha esa maktablarga to‘liq yetkaziladi. Sovg‘alar an’anaviy “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiridan so‘ng 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladi.
O‘quv qurollari davlat, nodavlat hamda boshqa idoralarga qarashli maktablarning barcha 1-sinf o‘quvchilariga yetkaziladi. Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan. 5-avgust holatiga ko‘ra, 680 mingdan ziyod bola maktabga qabul qilingan, bu rejaning 85 foizini tashkil etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA