Ehtiyojmandlarga amaliy yordam ko‘rsatildi
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi xayriya tadbiri tashkil etilib, 35 nafar fuqaroga mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish imkonini beruvchi asbob-uskunalar hamda moliyaviy yordam topshirildi.
Mazkur amaliy ko‘mak nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirish va mustaqil hayot kechirishlari uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda Sardoba tumani hokimi Ziyodulla Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Sirdaryo viloyati bo‘linmasi rahbari Shavkat Mamarahimov, shuningdek, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Alisher Irismetovlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.

– Tadbir davomida fuqarolarga santexnika, elektr va payvandchilik kabi kasblar bo‘yicha zarur asbob-uskunalar topshirildi, – dedi Alisher Irismetov. – Bu ularga o‘z mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish, daromad topish va jamiyatdagi faolligini yanada oshirish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, bunday amaliy yordamlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashni ta’minlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA