Kompaniya markazi ish boshladi
Jizzax shahrida zamonaviy avtoservis infratuzilmasining yana bir muhim bo‘g‘ini — Xitoyning nufuzli BYD kompaniyasining yangi dilerlik va servis markazi foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha hududda ekologik toza transport vositalarini ommalashtirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Tantanali ochilish marosimida kompaniyaning so‘nggi avlod gibrid modeli namoyish etildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu texnologiyalar nafaqat yoqilg‘i tejamkorligi, balki atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirni kamaytirish jihatidan ham alohida ahamiyatga ega.
Yangi markaz zamonaviy diagnostika va ta’mirlash uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, malakali mutaxassislar tomonidan xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa elektromobil va gibrid avtomobil egalari uchun qulayliklar ko‘lamini kengaytiradi.
Ma’lumki, mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ekologik toza transport vositalarini joriy etishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat rahbarining elektr transportini qo‘llab-quvvatlashga oid qaror va farmonlari ijrosi yuzasidan hududlarda infratuzilmani kengaytirish, xorijiy investorlar ishtirokida yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-28427]
Jizzaxda ishga tushirilgan mazkur markaz ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir. U nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, balki hududda innovatsion transport madaniyatini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Qisqasi, BYD kompaniyasining mazkur tashabbusi Jizzaxni “yashil texnologiyalar” sari yetaklovchi muhim qadamlardan biriga aylanmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA