Egiluvchan quvur — suvni asrashning amaliy yechimi
Suv tanqisligi tobora dolzarb tus olayotgan bugungi sharoitda har bir tomchi suvning qadri oshib bormoqda. Shu bois mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Jizzax viloyatida egiluvchan quvurlar asosida sug‘orish tizimini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar ana shu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish va suv tejovchi texnologiyalarni ommalashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Unda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va fermerlarni bu jarayonga faol jalb etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Aynan shu vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda viloyatda jami 43 ming 900 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish rejalashtirilgan. Dastur doirasida 6 ming gektar yer maydonini ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 4620 gektar maydonda mazkur texnologiya amaliyotga joriy etildi.

Bu raqamlar ortida oddiy statistika emas, balki suvni tejash, mehnat unumdorligini oshirish va hosildorlikni yuksaltirishga qaratilgan aniq amaliy harakatlar mujassam. Zero, respublika miqyosida ham egiluvchan quvurlardan foydalanish suv tejashning eng samarali usullaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. So‘nggi yillarda yuz minglab gektar maydonlarda aynan shu texnologiyadan foydalanish yo‘lga qo‘yilgani uning samaradorligini yaqqol tasdiqlaydi.
Viloyatda fermer xo‘jaliklari tomonidan ko‘chma egiluvchan quvurlarni xarid qilish va joriy etish ishlari izchil davom etmoqda. Hozirga qadar jami 300 komplekt ko‘chma egiluvchan quvur uchun shartnomalar imzolangani bu texnologiyaga qiziqish va ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida olib qaralganda, Arnasoy tumaniga 36 komplekt, Baxmal tumaniga 10 komplekt, G‘allaorol tumaniga 11 komplekt, Forish tumaniga 5 komplekt, Do‘stlik tumaniga 39 komplekt, Mirzacho‘l tumaniga 41 komplekt, Paxtakor tumaniga 37 komplekt, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlariga 36 komplektdan, Zafarobod tumaniga 37 komplekt hamda Zomin tumaniga 12 komplekt ko‘chma egiluvchan quvur yetkazib berildi.
Mazkur vositalar mahalliy sanoat korxonalari — “Jizzaxplastmassa” korxonasi, “Iskandarning orzulari” va “PM-Ravon” MCHJlar bilan hamkorlikda yetkazib berilmoqda. Bu esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qilmoqda.

Zarbdor tumani tajribasi mazkur yondashuvning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. Bu yerda suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘orish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator fermer xo‘jaliklarida ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, “Sharq yulduzi” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasidagi “Anorqul ota gulshani” fermer xo‘jaligining 10 gektar paxta maydonida, “Bo‘ston” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi “Shavkatli Javohir” fermer xo‘jaligining 17 gektar paxta maydonida hamda P.Umurzoqov fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi hududidagi “Nurlikent g‘allakori” fermer xo‘jaligining 15 gektar paxta maydonida ushbu texnologiyadan samarali foydalanilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, egiluvchan quvurlarning asosiy afzalligi suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalaning zarur nuqtasiga yetkazib berishida namoyon bo‘ladi. Natijada suvning yerga singib ketishi yoki ariqlar orqali yo‘qotilishi keskin kamayadi. Bu esa suvdan foydalanish koeffitsiyentini oshirish bilan birga, sug‘orish jarayonining sifatini ham yaxshilaydi.
Yana bir muhim jihat — ekinlarning bir me’yorda suv bilan ta’minlanishi hisoblanadi. Ayniqsa, paxta kabi suv rejimiga talabchan ekinlarda bu omil hosildorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois egiluvchan quvurlar nafaqat suvni tejash, balki yuqori hosil olishning ham muhim vositasi sifatida qaralmoqda.

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining cheklanganligi sharoitida har bir hududda suvdan samarali foydalanish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar suv tejovchi texnologiyalarning amaldagi samarasini namoyon etib, qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirish, suv isrofini qisqartirish va fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu kabi texnologiyalarning keng joriy etilishi suv tanqisligi sharoitida ham qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA