Giyohvandlikka qarshi qat’iy qadam
O‘zbekistonda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yangi bosqichga chiqmoqda. 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1151-sonli Qonun zamonaviy narkotijorat usullariga qarshi huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish, aholi salomatligi va yoshlar kelajagini himoya qilishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Giyohvandlik insoniyatning eng og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotiklarning internet orqali tarqatilishi, yashirin narkolaboratoriyalar faoliyatining kengayishi bu tahdidni yanada kuchaytirmoqda. Shu bois O‘zbekistonda narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy asoslar izchil takomillashtirilmoqda.
Yangi Qonunning muhim jihatlaridan biri Jinoyat kodeksida “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan alohida bobning joriy etilganidir. Bu giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga endi nafaqat huquqbuzarlik, balki millat kelajagiga tahdid sifatida qaralayotganini anglatadi.

So‘nggi to‘rt oyda mamlakatda 14 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etilgani xavf ko‘lamini yaqqol namoyon etmoqda. Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan 276¹-moddaga muvofiq, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish yoki uning faoliyatini ta’minlash uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Shuningdek, narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga mansab vakolatlaridan foydalanib homiylik qilish yoki bunday jinoyatlarni yashirishga ko‘maklashish uchun ham 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi. Bu narkotik biznes bilan bog‘liq har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz yondashuvning huquqiy ifodasidir.
Qonun bangixonalarga qarshi kurash choralarini ham kuchaytirdi. Giyohvandlik vositalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish va tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash alohida jinoyat tarkibi sifatida belgilanib, bu qilmish uchun 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi.
Yoshlarni himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Voyaga yetmaganlarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ta’lim muassasalari, talabalar turar joylari va bolalar oromgohlari hududida bunday qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Qonunchilikdagi eng ahamiyatli o‘zgarishlardan yana biri Jinoyat kodeksining 273-moddasiga kiritildi. Unga ko‘ra, “sotish” tushunchasi kengroq mazmunga ega bo‘lgan “o‘tkazish” atamasi bilan almashtirildi. Natijada narkotik moddalarni pul evaziga sotish, tekinga berish, ayirboshlash yoki internet orqali “zakladka” usulida tarqatish bir xil huquqiy baholanadi. Bunday qilmishlar uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yilda narkojinoyatlarni takroran sodir etgan shaxslar soni 125 foizga oshgan. Shu sababli ayrim o‘ta og‘ir narkojinoyatlar uchun muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi ham cheklandi.
Mazkur Qonunning asosiy maqsadi jazoni og‘irlashtirish emas, balki jamiyatni himoya qilish, yoshlarni asrash va millat salomatligini ta’minlashdan iborat. Zero, giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
Otabek Ernazarov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining sudyasi
O‘zA