Dunyo ilm-fani yulduzi Serj Arosh O‘zbekistonda ilmiy uchrashuv o‘tkazdi
Poytaxtimizda o‘tkaziladigan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida dunyo ilm-fani yulduzi, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, professor Serj Arosh mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Dunyoning eng nufuzli ilm-fan maskanlari — MIT (Massachusets texnologiya instituti), Garvard va Yel universitetlarida faoliyat yuritgan olimning tashrifi o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hozirda professor Serj Arosh qadimiy va navqiron Samarqand shahrida bo‘lib turibdi. Olim Samarqand davlat universitetida 200 nafardan ortiq yosh olim, doktorant va iqtidorli talabalar bilan uchrashdi.

Samimiy va jonli muloqot ruhida o‘tgan tadbirda professor zamonaviy texnologiyalarning kelajagi va kvant olamidagi inqilobiy o‘zgarishlar, shuningdek, shaxsiy ilmiy tajribasi, kashfiyotlar ortidagi mashaqqat va muvaffaqiyat sirlari haqida gapirib berdi.

Tadbir yakunida Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Serj Aroshga Samarqand davlat universitetining Faxriy professori unvonini topshirdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA