Dubay operasida tarix va zamonaviylik: “Tamerlano” orqali O‘zbekiston madaniyati jahon sahnasiga chiqdi (+video)
Dubay operasi sahnasida barokko opera san’ati durdonalaridan biri – Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” asari ilk bor xalqaro premera sifatida namoyish etildi. Bu tadbir nafaqat opera san’ati uchun, balki O‘zbekiston madaniyati jahon miqyosida namoyon bo‘lishi nuqtai nazaridan ham muhim voqeaga aylandi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha mamlakatning madaniy diplomatiyasida yangi bosqichni belgilab berdi.
Tomoshabinlar e’tirof etishicha, Dubaydagi premera mamlakatimizning jahon madaniy jarayonlarda faol ishtirok etishga, milliy san’atni zamonaviy sahna tili orqali global auditoriyaga taqdim etishga qaratilgan izchil siyosatning yaqqol namunasi bo‘ldi.
Spektakl italiyalik mashhur rejissyor, ssenograf va rassom Stefano Poda tomonidan sahnalashtirildi. Uning talqinida “Tamerlano” oddiy tarixiy opera emas, balki muhabbat, hokimiyat, taqdir va ma’naviy tanlov haqidagi umubashariy mulohaza sifatida namoyon bo‘ladi. Sahnada tarixiy obrazlar zamonaviy vizual yechimlar bilan uyg‘unlashib, tomoshabinni hissiyot va tafakkur orasidagi nozik hududga olib kiradi.
Asar markazida buyuk sarkarda Amir Temur obrazi. Uning hukmdor sifatida shakllanishi, ichki ma’naviy kurashlari va Bibixonim bilan bog‘liq muhabbat qissasi dramatik rivojlanishning asosiy o‘qini tashkil etadi. Temur va uning raqibi – usmoniylar sultoni Boyazid taqdiri orqali adolat, kuch va mas’uliyat tushunchalari qayta talqin etiladi.
Gendel musiqasi bu safar mutlaqo yangi ohangda yangragan. Kompozitor Kirill Rixter tomonidan yaratilgan musiqiy talqin barokko an’analarini saqlagan holda, o‘zbek milliy cholg‘ularining noyob tembrlari bilan boyitildi. Karnay, rubob, qo‘shnay, nay, chang va kamyob “Bobur skripkasi”ning sadolari operaga betakror kolorit bag‘ishladi. Bu musiqiy sintez spektaklni nafaqat tinglash, balki his qilish imkonini berdi.
Musiqiy jo‘rlikni Alibek Kabduraxmonov rahbarligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ijro etdi. Shuningdek, Gulnora Malikova boshchiligidagi xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi, “O‘zbegim” karnay-surnay guruhi va Abdukarim Ashurmatov rahbarligidagi xalq cholg‘ulari orkestri ishtirok etdi. Jami160 nafardan ortiq san’atkor jalb etilgan ushbu qo‘yilma ko‘lami va mazmuni bilan xalqaro sahna standartlariga javob beradi.
Asosiy rolni O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov ijro etib, Amir Temur obraziga chuqur ichki dramatizm va qudrat baxsh etdi. Boyazid rolida ispaniyalik mashhur tenor Xuan Sancho, Asteriya obrazida argentinalik soprano Veronika Kanhemi, Bibixonim rolini esa taniqli aktrisa Yulduz Rajabova ijro etdi.
Ko‘zgu elementlari, ramziy naqshlar va zarhal aplikatsiyalar qahramonlarning ichki olami va ijtimoiy maqomini vizual tarzda ochib berdi. Dubay operasidagi premera tomoshabinlar va professional jamoatchilik tomonidan katta qiziqish va iliq qarshilash bilan kutib olindi. Bu muvaffaqiyat O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan xalqaro e’tibor oshib borayotganidan, milliy san’at zamonaviy sahna tilida jahon bilan muloqot qila olayotganidan dalolat beradi.
Endi esa, ushbu operaning Yevropa mamlakatlari bo‘ylab gastrol safari rejalashtirilmoqda. Bu esa “Tamerlano”ni faqat bir spektakl emas, balki O‘zbekiston madaniyatining jahon sahnalaridagi ramziga aylantirishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EJnD1PkcXsQ" title="Dubay operasida tarix va zamonaviylik: “Tamerlano” orqali O‘zbekiston madaniyati jahon sahnasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA