DO‘STLIKKA BAXSHIDA UMR
Buyuk Alisher Navoiy: Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish, – degan hikmatli baytini faqat tarixni, yakkash o‘z zamoninigina emas, kelajakni ko‘zlab bitmagan.
Har qanday zamon va makon uchun birday daxldor g‘oya yo nasihat – bu.
Nemis xalqi ikki jahon urushini boshlab, nima ko‘rdi? Mag‘lubiyatdan boshqa hech narsa. Oxiri “yorlig‘”, ya’ni do‘stlashish, tinch taraqqiyot yo‘liga o‘tdi. Dunyoga o‘zining buyuk xalq ekanini shu yo‘l bilan isbotlashga o‘tdi. Shu-shu Germaniya Yevropaning eng taraqqiy etgan, Yer yuzining esa uchtadan bitta mamlakatiga aylandi.
O‘zbekistonimiz uchun Germaniya bilan hamkorlik – o‘ta muhim ahamiyatga ega. O‘tgan 35 yil mobaynida ikki davlat o‘rtasida keng miqyosdagi do‘stona munosabatlar o‘rnatildi.
Jahon maydona “xalq diplomatiyasi” degan tushuncha – bor. Ikki davlat miqyosidagi hamkorliklardan tashqari, bu mamlakatlar xalqlari o‘rtasida ham yaqin hamkorlik o‘rnatish, bir-birining tarixi, madaniyati bilan tanishish, o‘zaro bordi-keldilar, ilmiy-ijodiyamkorilklar qilish – lozim. Ana shuning otini “xalq diplomatiyasi” deyishadi.
Xurram Rahimov – O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida xalq diplomatiyasini o‘rnatish va rivojlantirishga munosibhissa qo‘shib kelayotgan faol, fidoiy, jonkuyar ziyolilarimizdan biri.
U Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Nazar qishlog‘ida tug‘ilgan (1951 yil, 4 yanvar). O‘rta maktabni (1967), Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti Nemis tili fakultetini (1972) tugatgan. Urganch davlat pedagogika instituti (1972-1973), Sirdaryo pedagogika instituti (1974 – 1976) o‘qituvchisi bo‘lgan. Keyin Moris Torez nomidagi Moskva davlat chet tillar pedagogika instituti aspiranturasini tugatgan (1979). Filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi (1980), dotsent (1990) va professor (2005) ilmiy unvonlarini olgan.
Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutida (1980 – 1987), Toshkent davlat universitetida (1987 – 1994) dotsent bo‘lib ishlagan. So‘ng “Liberti” va “Savob-Empeks” Germaniya-O‘zbekiston qo‘shma korxonalarida bosh direktor o‘rinbosari, bosh direktor sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti (1998 – 2001), Chet tillar fakulteti dekani (2001-2002), “Olmon tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri va professori (2002 – 2016) bo‘lib ishlagan. 2018 yildan buyon esa u O‘zbekiston jahon tillari universiteti “Nemis tili nazariy fanlari” kafedrasi professori. “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Olmon adabiyoti tarixi” va “Olmon tili uslubiyoti” fanlaridan dars o‘tadi.
44 nomda tarjima kitoblari chop ettirgan. Tarjimashunoslikka oid 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari chiqqan.
Tarjimachilikda ikki yo‘li – bor. 1990 yildan boshlab chet tillardan o‘zbek va o‘zbek tilidan nemis tiliga tarjimalar qiladi. “Yetti oqqush”, “Yetti yulduz” kitoblaridan nemis xalq ertaklari joy olgan. Nemis tilida esa “O‘zbek xalq ertaklari”, “O‘zbek sehrli ertaklari”, “Samarqand ertaklari”, “Nasriddin Afandi va Myunxauzen sarguzashtlari”ni olmon va rus tillariga o‘girgan.
Keyinchalik tarjimon buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy g‘azallarini nemis tiliga o‘girishga bel bog‘ladi. Bu – juda katta tashabbus. 2021 yili Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan shoirning 100 g‘azalini tarjima qildi. U “Qaro ko‘zum” nomi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyatida bosildi. Keyin bu kitob O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi ko‘magi bilan Germaniyada ham chiqdi. 2024 yili aka-uka Grimlarning 100 ga yaqin ertagi uning tarjimasida “O‘zbekiston” nashriyatida 5 ming nusxada chop etildi. Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tarjimon uning “Munojot” asarini olmonchaga o‘girdi. U nashr etilish oldida turibdi. Olim va tarjimon tashabbusi bilan “Navoiy XXI asr. O‘zbek adabiyoti olmon tilida” jurnali tashkil etilyapti. Uning vazifasi – nemis xalqini o‘zbek adabiyoti bilan tanishtirishdan iborat.
Olim – o‘zbek-nemis do‘stligining jonkuyar targ‘ibotchisi. U O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi raisi (2001 yildan), Germaniyadagi Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati raisi (2002 yildan), Germaniyada chiqadigan “Avitsenna” ilmiy jurnali bosh muharriri (2010 yildan), Markaziy Osiyo nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi raisi (2025 yildan). Olim va tarjimon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (2021 yildan).
Xullas, g‘alvirni suvdan ko‘tarib, kitoblarini bir stol ustiga terib chiqsak, joy yetmaydi. Shu paytgacha 27 ta o‘quv qo‘llanma yaratdi, xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarida 30 ga yaqin ilmiy ma’ruzasi bilan ishtirok etgan.
Ayni kunlarda uning tashabbusi va rahnamoligida Navoiyning “Munojot” asari respublikamiz oliygohlarida o‘qitiladigan 20 ga yaqin xorijiy tilga tarjimasi loyihasi tarjimoni va loyiha muallifi hisoblanadi. Bu loyiha Navoiy hazratning tug‘ilganiga 585 yilligi arafasida nashrga topshirilgan. Ayni paytda domla Navoiyning “Xamsa” dostonlarini nemischaga tarjima qilish niyatida yuribdi. Olim va tarjimon davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan (2021).
U ayni paytda “Olmon-o‘zbek folklor aloqalari nazariyasi va amaliyoti (qiyosiy uslubshunoslik va tarjimashunoslik ko‘lamida)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib boryapti.
O‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilishning o‘ziga xos va mos muammolari – bor. Birinchisi – shuki, chet ellarda o‘zbek tilini puxta-pishiq biladigan va adabiyotimiz namunalarini o‘z tiliga maromiga yetkazib tarjima qiladigan mutaxassis – yo‘q. Shuning uchun sho‘ro davrida Alfred Kurella Navoiyning “Farhod va Shirin”idan boblarni rus tiliga qilingan satrma-satr (podstrochnik) tarjima orqali nemis tiliga she’riy tarzda o‘girgan. Buyuk shoirimizning hikmatli so‘zlari ham ko‘p tillarga shu asosda tarjima qilingan. Bunda asliyat tilini bilmaslik muammosi – bor.
Mustaqillik yillarida o‘zimizning xorijiy til bilgichlarimiz o‘zbek adabiyoti namunalarini chet tiliga o‘girishga kirishdi. Chunki o‘zimiz o‘z buyuk merosimizni xorijda targ‘ib va tashviq etmasak, bo‘lmaydi. Bunda endi boshqa bir muammo yuzaga keldi: ayrim tarjimashunoslar bu tarjimalarning tili yuksak didli xorij o‘quvchisining ta’biga o‘tirarmikan? Axir, tarjimonlik ham – yuksak mahorat talab qiladigan ijodiy bir kasb. Biror-bir boshqa tilni bilish bilganingiz bilan o‘z tilingizga badiiy asar tarjima qilavermaysiz-ku.
Xo‘sh, nima qilmoq – kerak?
Xurram aka dadillik bilan ikkinchi yo‘lni tanladi: o‘zbek adabiyoti namunalarini nenmis tiliga o‘girishga kirishdi.
Ehtimol, saviyasi jihatidan professional nemis tarjimoni mahsuloti darajasiga yeta olmagandir. Bu haqda bir narsa deyish uchun nemis tilini puxta bilish – kerak. Lekin hozircha shu yo‘l bilan xorijiy bir mamlakat xalqini adabiyotimiz namunalari bilan tanishtiramiz-ku.
Buni o‘qiganlar orasida kelajakda tilimiz va adabiyotimizni o‘rganishga qiziqadiganlar chiqib qolar. Bundan tashqari, ehtimol, o‘zimizdan asta-asta o‘sha nozik didli nemis o‘quvchisi talabiga mos darajadagi tarjimalar ham yaralar. Har holda, bu borada hamma vaqt nekbin, ya’ni optimistik pozitsiyada bo‘lishimiz – darkor.
Ijodkor kishilarning loyihasi tugamaydi. U yangi-yangi maqsadlar, rejalar tuzaveradi. Shuning uchun hayoti – mazmunli, qiziqarli. Masalan, akademik Izzat Sulton 82 yoshga to‘lganlarida Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligini nishonlash to‘g‘risida hukumat qarori chiqdi. Shundan keyin ustoz Bahouddin Naqshband haqida kitob yozdilar.
Xurram aka ham shu kunlarda ko‘plab orzu-havas, ilmiy-ijodiy rejalar tuzib, ularni amalga oshirish uchun yelib-yugurib yuribdilar. Bu yo‘lda aslo charchamasinlar. Umrlari uzoq bo‘lsin. Shunda u kishi ma’naviyati ravnaqi uchun ko‘proq xizmat qilib, yanada katta meros yaratadilar.
Akamizni muborak 75 yosh bilan qutlab, u kishiga katta ilmiy-ijodiy yo‘lda ulkan yutuqlar tilab qolamiz.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.