“Diyqan arna” tajribasi ommalashtiriladi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida hududlarda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va xonadonlar daromadini oshirish borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Tashrif doirasida Prezidentimiz Nukus tumanidagi “Diyqan arna” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan asalarichilik klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash zarurligini ta’kidlab, shunday dedi: “Orolbo‘yini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, har bir xonadonga kirib borib, ularning daromad manbaini shakllantirish lozim. Asalarichilik nisbatan kam yer maydoni va resurs talab qiladigan, ammo yuqori daromad keltiradigan va oila a’zolarini birgalikda mehnatga jalb etadigan istiqbolli sohadir”.
Bugungi kunda Nukus tumanidagi “Diyqan arna” mahallasida 20 dan ortiq xonadonda asalari parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda aholi tomonidan asal yetishtirish bilan bir qatorda mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, sotish hamda asalarichilik uchun zarur bo‘lgan qutilarni tayyorlash kabi qo‘shimcha yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir xonadonda 50 -100 ta asalari oilasini parvarish qilish orqali mavsum va tabiiy sharoitdan kelib chiqqan holda yiliga 1 tonnagacha asal olish imkoniyati mavjud. Bu esa xonadon a’zolarining doimiy bandligini ta’minlab, oilaviy daromadni sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, asaldan tashqari mum, propolis, gulchangi kabi qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirish ham aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari mahallada istiqomat qiluvchi tajribali asalarichi Baxtiyar Jubayev xonadonida bo‘ldi. Asalni qayta ishlash sexi faoliyati, mahsulotlarni tayyorlash va qadoqlash jarayonlari, shuningdek, asalari qutilarini ishlab chiqarish ustaxonasi bilan tanishdi. E’tiborlisi, ushbu xonadonda asalni shunchaki xom ashyo sifatida sotish bilan cheklanmasdan, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida iste’molchilarga yetkazib berish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Natijada mahsulotga qo‘shimcha qiymat yaratilib, sotishdan olinadigan foyda hajmi ham oshirilmoqda.
Hozirgi kunda B. Jubayev xonadonida bir mavsum davomida 2 tonnagacha qayta ishlangan asal mahsuloti tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Ushbu faoliyat hisobidan yil davomida qariyb 200 million so‘m atrofida sof daromad olinmoqda. Bu mahallada asal yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida sotishgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjirini shakllantirish mumkinligini amalda isbotlamoqda. Bundan tashqari, xonadondagi ustaxonada bir yilda 250 tadan ortiq sifatli asalari qutilari tayyorlanib, mahalliy asalarichilarga yetkazib berilmoqda. Ushbu yo‘nalishning o‘zidan yiliga qo‘shimcha 80 million so‘mgacha daromad olinmoqda.
O‘z ishining fidoyisi bo‘lgan, sohani rivojlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etishda alohida tashabbuskorlik ko‘rsatib kelayotgan asalarichi Baxtiyar Jubayevning fidokorona mehnati yuksak qadrlanib, Prezident Farmoniga asosan u “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu ijobiy tajribani kengaytirish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shunga ko‘ra, yil yakuniga qadar “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi tomonidan tumandagi yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bunda aholiga asalari oilalarini parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish, zarur jihozlar va asalari qutilari bilan ta’minlash, veterinariya va zootexnik xizmatlarni tashkil etish hamda yetishtirilgan asalni markazlashgan tartibda yig‘ish va sotuvga chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Kooperatsiya tizimining kengaytirilishi natijasida asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar soni ortib, aholining doimiy daromad manbai shakllanadi. Shu bilan birga, hududda asal ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifati ortadi, mahalliy bozor sifatli va tabiiy mahsulotlar bilan ta’minlanib, kelgusida eksport imkoniyatlari kengayadi.
Xulosa qilib aytganda, Nukus tumanidagi “Diyqan arna” mahallasi tajribasi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilining hayotdagi yorqin ifodasidir. Asalarichilikni mahallaning iqtisodiy “o‘sish nuqtasi”ga aylantirish, xonadonlar daromadini oshirish va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli tashabbuslar Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida izchil ommalashtiriladi.
Kamola Yusupova,
O‘zA