Kambag‘allikdan chiqish yo‘li har bir xonadondan boshlanadi
Shirin shahrida kambag‘allikni qisqartirishga endi faqat ijtimoiy yordam nuqtai nazaridan emas, balki har bir xonadonda barqaror daromad manbaini yaratish vazifasi sifatida qaralmoqda. Kimdir doimiy ishga joylashtirilmoqda, kimdir tadbirkorlikka jalb etilmoqda. Yana bir oila tomorqasidan unumli foydalanib, asalarichilik, chorvachilik yoki parrandachilik orqali daromadini oshirmoqda. Muhimi, har bir xonadonning imkoniyatiga mos yo‘l izlanmoqda.
Bu yondashuv Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida izchil davom ettirilmoqda.

Shirin shahrida 7 ta mahalla bo‘lib, ularda 5 882 ta oila istiqomat qiladi. Yil boshida shaharda kambag‘allik darajasi 4 foizni tashkil etgan edi. Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlash, daromad manbalarini yaratish va mavjud muammolarini hal etishga qaratilgan ishlar natijasida yanvar–avgust oylarida bu ko‘rsatkich 3,3 foizga tushdi.
— Bugungi kunda shaharda 346 ta kambag‘al oila bo‘lib, ularda 910 nafar oila a’zosi yashaydi. Ularning 112 tasi davlat ta’minotidagi, 233 tasi kambag‘al va 11 tasi kambag‘allik chegarasidagi oilalar hisoblanadi. Asosiy vazifamiz har bir oila bilan alohida ishlab, uning imkoniyatidan kelib chiqib daromad manbaini shakllantirishdan iborat, — deydi Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova.

Darhaqiqat, bugun kambag‘allik masalasi raqamlar ortida emas, xonadonlar hayotida hal etilmoqda. Oilada mehnatga layoqatli inson bo‘lsa, uning kasbi, qiziqishi va imkoniyati o‘rganilib, doimiy ishga joylashtirish yoki tadbirkorlikka jalb etish chorasi ko‘rilmoqda. Xizmat ko‘rsatishga qiziqqanlarga shu yo‘nalishda faoliyat boshlash uchun sharoit yaratilsa, kasb-hunarga ehtiyoji borlar o‘qishga jalb etilmoqda.

Bu ishlarning natijasi bandlik ko‘rsatkichlarida ham aks etmoqda. 2026-yil yanvar–avgust oylarida 474 nafar fuqaroni doimiy ishga joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 726 nafarning doimiy bandligi ta’minlandi.
Yangi ish o‘rinlarining 52 tasi investitsiya loyihalari, 285 tasi xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, 14 tasi qurilish ishlari hisobiga yaratildi. 75 nafar fuqaro mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali esa 300 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi.

Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini kengaytirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu yo‘nalishlarda belgilangan rejalar mos ravishda 166,7 va 186,3 foizga bajarildi. Bo‘sh ish o‘rinlaridan samarali foydalanish bo‘yicha reja esa 101,4 foizga ijro etildi.

Biroq daromad manbasini yaratish har doim ham yangi ish o‘rni ochishdan boshlanmaydi. Shirinda bunga tomorqalardan unumli foydalanish orqali ham erishilmoqda.
“Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlarning mavjud imkoniyatlarini ishga solish, tomorqalarda mahsulot yetishtirish, asalarichilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, ko‘chat yetishtirish va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

Farhod mahallasining Ahillik tor ko‘chasida yashovchi Alisaid va Hamroxon Ortiqboyevalar xonadoniga kirsangiz, buning oddiy, ammo ta’sirli misoliga duch kelasiz.
Nafaqada bo‘lgan Alisaid bobo va Hamroxon aya tomorqadan unumli foydalanib, asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanishmoqda. Xonadonda ayni paytda 25 ta asalari qutisi parvarishlanyapti.
— Yaratganga shukur, “Sayxunobod tajribasi” asosida tomorqada yetishtirayotgan mahsulotlarimiz ro‘zg‘orimiz, farzandlarimiz kelajagiga hissa qo‘shmoqda. Bu nafaqat qo‘shimcha daromad, balki bizga katta rag‘bat beradi, — deydi Alisaid bobo.
O‘rtacha har bir qutidan yiliga 25 kilogrammdan asal olinsa, xonadonda 600 kilogrammdan ortiq asal yetishtirish mumkin. Demak, kechagina oddiy tomorqa bo‘lgan yer bugun oila uchun daromad keltiradigan manbaga aylanmoqda. Muhimi, bunday misollar Shirinda ko‘payib bormoqda.

— Shahrimizda Alisaid bobo va Hamroxon aya kabi tomorqasidan unumli foydalanayotgan oilalar soni ortib bormoqda. Xotin-qizlarimiz xonadonlarida intensiv usulda baliq parvarishlashni ham yo‘lga qo‘ygan. Daraxt va gul ko‘chatlarini yetishtirish, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan oilalar ham bor, — deydi Shirin shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dildora Umarova.

Tomorqadan unumli foydalanish, ayniqsa, xotin-qizlar uchun xonadondan uzoqlashmagan holda daromad topish imkonini kengaytirmoqda. Bu esa oila iqtisodiyotiga qo‘shimcha mablag‘ kirishi bilan birga, ayollarning mehnat va tadbirkorlik faolligini ham oshirmoqda.
Mirzo Ulug‘bek mahallasida ham aholi daromadini oshirish borasida shunday manzilli yondashuvga tayanilmoqda.

Mahallada 1 115 ta xonadon bo‘lib, ularda 3 451 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda “Sirdaryo IES” va “Farhod” GES kabi yirik korxonalar aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Aholining bir qismi ushbu korxonalarda mehnat qilsa, boshqalari tadbirkorlik, dehqonchilik, issiqxonachilik, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanishmoqda.

— Mahallamizda tomorqachilikka ham jiddiy e’tibor qaratganmiz. To‘qsonbosti ekinlaridan ismaloq, sarimsoq, rediska, kashnich, shivit kabi mahsulotlar yetishtirilib, bozorlarga chiqarilmoqda. Pomidor, bodring, kartoshka, sabzi, qizilcha va boshqa ekinlar ham parvarishlanadi. Bu mahsulotlar, bir tomondan, xonadonlar dasturxonini to‘kin qilsa, ikkinchi tomondan, ortiqchasini sotish orqali oila daromadiga xizmat qilmoqda, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Umid Haydarov.
Shunday qilib, bir mahallada yirik korxonalar ish o‘rni yaratsa, xonadonlardagi tomorqalar oilaviy daromad manbaiga aylanmoqda. Bu ikki jarayon bir-birini to‘ldirib, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirishda yana bir muhim masala — norasmiy bandlikni qonuniylashtirish. Shaharda yanvar–avgust oylarida 589 ta norasmiy ish o‘rnini legallashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 706 ta ish o‘rni rasmiylashtirildi. Reja 119,9 foizga bajarildi.
Jumladan, Soliq qo‘mitasi yo‘nalishida rejalashtirilgan 256 ta o‘rniga 285 ta, Ijtimoiy himoya agentligi yo‘nalishida 34 ta o‘rniga 99 ta, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi yo‘nalishida 43 ta o‘rniga 51 ta, Transport vazirligi yo‘nalishida 191 ta o‘rniga 217 ta ish o‘rni legallashtirildi. Turizm qo‘mitasi yo‘nalishida esa rejalashtirilgan 5 ta ish o‘rnidan 3 tasi rasmiylashtirildi.

Norasmiy mehnatning qonuniylashtirilishi fuqaroning faqat ishlayotganini emas, balki uning mehnat huquqlari va ijtimoiy himoyasi ta’minlanganini ham anglatadi. Shu bois bu yo‘nalishdagi ishlar kambag‘allikni qisqartirish jarayonining muhim qismi sifatida qaralmoqda.
Shirin shahridagi bugungi jarayonlarga nazar tashlansa, kambag‘allikni qisqartirishning yagona qolipi yo‘qligi ko‘rinadi. Bir oila uchun doimiy ish o‘rni muhim bo‘lsa, boshqasi uchun tomorqadan daromad olish, yana biri uchun tadbirkorlikni boshlash yoki kasb-hunar egallash eng maqbul yo‘l bo‘lishi mumkin. Shuning uchun shaharda asosiy e’tibor har bir xonadonning imkoniyatini aniqlash va uni daromad manbaiga aylantirishga qaratilmoqda.

— Kelgusida ham kambag‘al oilalarning har biri bilan individual ishlash, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqib daromad manbalarini shakllantirish, mehnatga layoqatli oila a’zolarini doimiy ish bilan ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb etish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish hamda yangi loyihalarni ishga tushirishga e’tibor qaratiladi, — deydi shahar hokimi Dilfuza Qambarova. Zero, kambag‘allikdan chiqish faqat bir martalik yordam bilan emas, insonning o‘z mehnati orqali barqaror daromad topishi bilan mustahkamlanadi. Bu yo‘l esa katta dasturlardan oldin har bir xonadondagi imkoniyatni ko‘ra bilishdan, uni ishga solishdan boshlanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri