Deputat ko‘magida maktabning yangi binosi qurildi
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz munosabati bilan yurtimizning turli burchaklarida qator ijtimoiy ob’ektlar, yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumanining “Xalqobod” mahallasida ham 24-sonli umumta’lim maktabining zamonaviy, yangi binosi foydalanishga topshirilgani mahalla ahli, ustozlar va o‘quvchilarga katta quvonch bag‘ishladi.
Yangi maktab binosining tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalla aholisi, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.
24-umumta’lim maktabi uchun yangi o‘quv binosining barpo etilishida xalq vakillarining ko‘magi alohida ahamiyat kasb etdi.
— Maktab uchun yangi bino qurish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pakning aholi bilan ochiq muloqoti davomida ko‘tarilgan edi, — deydi mehnat faxriysi M.Samadov. — Mahallamiz aholisi farzandlarimiz munosib ta’lim olishlari uchun xalq vakilidan amaliy ko‘mak so‘ragan edi. Murojaatimiz e’tiborsiz qolmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, umumiy qiymati 4 milliard so‘mni tashkil etgan qurilish ishlari boshlanib, Janubiy Koreyaning “Good Neighbours International” xalqaro yordam fondi ko‘magida zamonaviy maktab binosi barpo etildi.

Darhaqiqat, xalq vakillarining joylarda aholi bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari, bu jarayonlarda bildirilgan taklif va murojaatlar e’tiborsiz qolmayotgani tahsinga loyiq. Deputatning hududlardagi o‘rganishlari, muloqotlari aniq natija bilan yakunlanayotgani esa aholi vakillarida davlat va xalq vakillariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
M.Komilova, O‘zA