Davlat mulkini xususiylashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirilgan?
Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirishga oid Prezident farmon va qarorlarining ijrosi, xususiylashtirish dasturlarining bajarilishi hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilgan? Bu bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.Murodovga parlament so‘rovi yuborilgan edi. “Davlat mulkini xususiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga kelgan javob quyi palata majlisida ko‘rib chiqildi.
Javobda keltirilishicha, davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda tushumni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning aksariyati bajarilgan, bajarilmay qolgan qismi yuzasidan esa batafsil izohlar parlament so‘roviga javobda berilgan.
2025-yilga belgilangan 7 ta maqsadli indikatordan 6 tasi bajarilgan. Davlat aktivlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘larni respublika byudjetiga o‘tkazish ko‘rsatkichi to‘liq amalga oshmagani hamda uning to‘liq bajarilmaslik sabablari batafsil bayon etilgan.
Javobda Davlat aktivlari agentligi tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda davlat ko‘chmas mulklarini ijaraga berishda berilgan imtiyozlar ham alohida keltirilgan. Xususan, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari va ulush (aksiya)larni sotish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini realizatsiya qilish, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish orqali imtiyozlar berilgan.
Muhokamalarda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish, savdoga chiqarilayotgan ob’ektlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ularni realizatsiya qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yakunda parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA