Prezidentimiz muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosiy maqsadlarni belgilab berdi
– Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish marrasi olingan. Buning uchun tadbirkorlarga yuqori daromadli ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va tashqi bozorlarni kengaytirish uchun barcha sharoit yaratib boriladi.
Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Andijon, Farg‘ona va Namanganda to‘liq zanjirli to‘qimachilik va mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlari yangi o‘sish nuqtalari bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosida uzun qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, AT va sun’iy intellekt iqtisodiy drayverga aylantiriladi.
Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari bo‘yicha raqobatbardosh klasterlar rivojlantiriladi.
– Ana shunda odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi. Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA