Cudlar faoliyati qanday yoritilishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan Farg‘ona shahridagi “Ziyorat” mehmonxonasi majlislar zalida “Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar hamda blogerlar qatnashdi. Ikki kun davom etgan hududiy seminar-treningda sud jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollarining bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda sudlar faoliyati yoki muayyan sud ishini yoritish borasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal etish yuzasidan fikr almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman ochilishida Oliy sud matbuot kotibi – jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Obidov ta’kidlab o‘tganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Sud jarayonlarida foto, video, audio texnik vositalardan belgilangan tartib asosida foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-24411]
Seminarda qayd qilinganidek, Oliy sud tomonidan sudlar organlari faoliyatini yoritish bo‘yicha amaliy qo‘llanma ishlab chiqilib, unda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun zarur me’yoriy tavsiyalar berilgan. Ayni kunlarda esa sud majlislarida nimalarga e’tibor qaratish kerak bo‘lgan asosiy jihatlar bo‘yicha yo‘riqnoma ustida ish olib borilmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatini yoritish amaliyoti ayrim hayotiy keyslar misolida atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, seminar doirasida xorijdan taklif etilgan malakali va tajribali mutaxassislar – Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining mintaqaviy birlashgan loyihasi doirasida alban faoliyati boshqaruvchisi, loyihalar bo‘yicha katta xodimi Erkanda Bujari (Kanada), “Deutsche Welle” katta muharriri Pandeli Pani (Germaniya) axborot va so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi masalalariga e’tibor qaratgan holda, ishtirokchilarni sudlar faoliyatini mas’uliyatli yoritishning mohiyati va asosiy aspektlari bilan tanishtirdi.
Anjumanda sud reportajlari va huquqiy reportajlar o‘rtasidagi farq, sud jarayonlarini yoritishda axloqiy va huquqiy chegaralar, sudni hurmat qilmaslik va tuhmat xavflarini tushunish, ishonchli huquqiy manbalarni shakllantirish, sud majlisiga tayyorgarlik ko‘rishdagi amaliy tavsiyalar, qonuniy jurnalistik surishtiruv kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Sud va sudyalar faoliyatini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritishda xolislik, aniqlik va tafsilotlariga ega bo‘lish, savollarni to‘g‘ri qo‘yish, ma’lumotlarni qayta ishlash ism, nom va atamalarni solishtirish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, sud-huquq sohasini yoritishda jurnalistlarning ixtisoslashuvi ham ko‘p jihatdan samara berishi aytib o‘tildi.
Moderatorlar tomonidan matbuot erkinligi va sudning daxlsizligini ta’minlash, hamkorlik va yoritishni yaxshilash strategiyalari, mamlakat uchun huquqiy mavzular bo‘yicha kreativ formatlarni ishlab chiqish borasida guruh loyihalari va taqdimotlari havola etildi.
Tadbir yakunida, seminar-treningning barcha ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan sertifikatlar taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari.