Chorvachilik sohasiga Xitoy texnologiyalari joriy etiladi
Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan yigirma oltinchi xalqaro chorvachilik ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sohani tubdan rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Unga ko‘ra, yurtimizda chorva mollarining genetik salohiyatini oshirish maqsadida sun’iy urug‘lantirish, embrion transplantatsiyasi va genetik resurslar almashinuvi bo‘yicha XXR bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Xitoydan O‘zbekistonga import qilinadigan naslli qoramollar sonini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida imzolangan hujjatlarga asosan, ozuqa-yem mahsulotlari va maxsus ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarish, shuningdek, veterinariya dori vositalari, vaksinalar va biopreparatlarni ishlab chiqarish hamda ularni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha zamonaviy qo‘shma korxonalar va yuqori texnologik laboratoriyalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatimizning tabiiy-iqlim sharoiti, jumladan, cho‘l va qurg‘oqchil hududlariga mos bo‘lgan, yuqori hosildor va kam suv talab etadigan istiqbolli ozuqa o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralarda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, respublikamiz veterinariya tizimi xodimlari hamda chorvachilik sohasi mutaxassislari Xitoyning ilg‘or chorvachilik fermalari, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va yirik qayta ishlash korxonalarida muntazam ravishda malaka oshiradi.

Raqamlashtirish jarayonlari doirasida chorva mollarini oziqlantirish va ularning sog‘lig‘ini raqamli monitoring qilish bo‘yicha eng zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, biotexnologiya va veterinariya nazorati sohalarida tizimli tajriba almashish mexanizmi ishlab chiqiladi. Shuningdek, istiqboldagi qo‘shma loyihalar doirasida yurtimizda sut va go‘sht mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi yangi quvvatlarni tashkil etish belgilab olindi.
O‘zA