Cho‘qay Ko‘char: Vatanga sadoqat masofa bilmaydi
Turkiyadagi o‘zbek jamoatchiligi orasida milliy madaniyatni asrab-avaylash, vatandoshlarni birlashtirish hamda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayotgan fidoyi insonlar talaygina. Shunday jonkuyarlardan biri yurtimizning Faxriy madaniyat elchisi, “O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyati” rahbari Cho‘qay Ko‘chardir.
Turkiyaning Adana shahrida tug‘ilib o‘sgan Cho‘qay Ko‘char bolaligidanoq o‘zbek tili, milliy qadriyatlarimiz va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiya topdi. Keyinchalik jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etib, Turkiyadagi o‘zbek diasporasi shakllanishi, rivojlanishi va jipslashuvi jarayonida munosib o‘rin egalladi. Bugungi kunda u nafaqat Turkiyadagi o‘zbek jamoatchiligining faol vakillaridan biri, balki milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish, vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash va yosh avlodda milliy o‘zlik tuyg‘usini saqlab qolish yo‘lida xizmat qilib kelayotgan jamoat arbobi sifatida ham e’tirof etiladi. Biz Cho‘qay Ko‘char bilan Turkiyadagi o‘zbeklar hayoti, milliyligimizni asrash masalalari, diaspora oldida turgan vazifalar hamda O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining madaniy yo‘nalishi haqida suhbatlashdik.

– Cho‘qay aka, avvalo, o‘zingiz va jamoatchilik faoliyatingiz haqida o‘quvchilarimizga qisqacha ma’lumot bersangiz.
– Men Turkiyaning Adana shahrida tug‘ilganman. Ota-onam asli O‘zbekistonning Marg‘ilonidan. Bolaligimdan milliy qadriyatlarimiz va ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalandim. Ancha yildan beri Turkiyadagi o‘zbek jamoatchiligi manfaatini himoya qilish, milliy madaniyatimizni targ‘ib etish va vatandoshlarimizni birlashtirish yo‘lida faoliyat yuritib kelyapman.
– Turkiyada tug‘ilib o‘sgan o‘zbek sifatida ona tili va milliy o‘zlikni saqlab qolishning asosiy omili nimada, deb o‘ylaysiz?
– Menimcha, buning eng muhim omili oila. Biz voyaga yetgan davrda bugungidek internet yoki ijtimoiy tarmoq yo‘q edi. Ona tilimiz, milliy an’analarimiz va qadriyatlarimizni avvalo ota-onamizdan o‘rgandik. Shuning uchun ham millatning birinchi maktabi oila, deb hisoblayman. Agar xonadonda til va milliy ruh saqlansa, millat hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi. Sho‘rolar davrida yurtimiz haqida axborot olish juda mushkul, biz uchun Vatan haqidagi kichik xabar ham katta bayram edi. Adanada birgina hamyurtimizni ko‘rishga zor edik. Hatto, xalqaro ko‘rgazmalarga diyorimizdan kelgan mehmonlar bilan bir necha daqiqa suhbatlashish uchun Izmirga borardik va yurtimizga borgandek quvonardik. O‘sha yillari Adanada yashovchi turkistonliklar muntazam ravishda yig‘ilib, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimizni saqlab qolishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazardik. Esimda, talabaligimda turkiy xalqlar musiqasi va xalq raqslarini targ‘ib qiluvchi guruh tashkil qildik. Turkiyaning turli shaharlarida konsert dasturlari namoyish etib, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq va boshqa qardosh xalqlarning boy madaniy merosini keng targ‘ib qildik. Demak, faoliyatim bolaligimdanoq boshlangan, desam mubolag‘a bo‘lmas.
– Turkiyada Navro‘z bayramini ommalashtirish jarayoni oson kechmagani haqida ko‘p gapiriladi...
– Ha, bugun Navro‘z Turkiyaning ko‘plab shaharlarida keng nishonlanadi. Bundan 20-30 yil avval esa vaziyat mutlaqo boshqacha edi. Biz, ya’ni turkistonlik jamoat tashkilotlari, Navro‘zni keng nishonlash tashabbusi bilan chiqib, O‘zbekistondan san’atkorlar va ijodkorlarni taklif qildik. Milliy taomlar, xalq o‘yinlari va madaniy dasturlar orqali qadimiy bayramimizning asl mohiyatini keng jamoatchilikka tanitishga harakat qildik. Keyinchalik bu tadbirlar an’anaviy tus oldi va bugungi keng qamrovli anjumanlarga asos bo‘lib xizmat qildi.
– Bugungi kunda Turkiyadagi o‘zbek diasporasining o‘ziga xos xususiyati nimada?
– Turkiyadagi o‘zbek jamoatchiligi bir necha tarixiy migratsiya to‘lqini natijasida shakllangan. Jamoaning ilk qatlami XX asr o‘rtalarida Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston va Pokiston orqali kelgan o‘zbek muhojirlaridan iborat bo‘lsa, keyinchalik tinimsiz urush oqibatida Turkiyaga ko‘chib o‘tgan afg‘on o‘zbeklari diasporani to‘ldirdi. O‘lkamiz mustaqillikka erishgach, jamoatchiligimiz safiga ta’lim, savdo-sotiq, tadbirkorlik va mehnat faoliyati maqsadida kelgan yangi avlod qo‘shildi. Bugungi Turkiyadagi o‘zbek diasporasi turli tarixiy taqdir va hayotiy tajribani o‘zida mujassam etgan yirik, rang-barang jamoat.
– Bu xilma-xillik birlashish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– To‘g‘ri, turli davrlarda shakllangan qatlamlar o‘rtasida muayyan tafovut mavjud. Quvonarlisi, so‘nggi yillarda umumiy milliy manfaat va qadriyatlarimiz atrofida birlashish jarayoni sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, Etnosport kabi yirik xalqaro loyihalar turli qatlam vakillarini bir maydonda jamlab, birlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng yirik loyihalar davlatlarimiz tomonidan amalga oshirilmoqda.
– «O‘zbekiston madaniyat, birdamlik va hamkorlik jamiyati» faoliyatining asosiy maqsadi nima?
– Asosiy faoliyatimiz Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga yordam berish, milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, shuningdek O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Jamiyatimiz 2022-yil mart oyida tashkil etilgan. Shundan buyon Turkiyaga o‘qish, mehnat qilish yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun kelgan vatandoshlarimizga maslahat va axborot ko‘magi berib kelamiz. Shuningdek, ikki qardosh mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatimizga sarmoya jalb etishga ko‘maklashish jarayonida ham faolmiz. Madaniy-ma’rifiy sohada esa milliy bayramlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va boshqa turli tadbirlar tashkil etish orqali o‘zbek tili, madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu yurtda muqim yashayotgan o‘zbek oilalari farzandlarining ona tili va milliy merosimizga qiziqishini oshirish ham ustuvor vazifamiz hisoblanadi.
– Turkiyadagi o‘zbeklar manfaatini himoya qilishda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari, xususan Istanbul shahridagi Bosh konsulxona bilan hamkorlik qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
– Bugungi kunda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyada yashab, mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz uchun muhim tayanch muassasasidir. Diplomatlar fuqarolarimiz huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish, ularga konsullik xizmati ko‘rsatish hamda turli hayotiy vaziyatlarda amaliy yordam berish yo‘lida samarali ishlab kelmoqda. Jamiyatimiz Bosh konsulxona bilan yaqin va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Milliy bayramlarimiz, xususan Navro‘z va Mustaqillik ayyomi munosabati bilan o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, vatandoshlar bilan uchrashuvlar va boshqa jamoatchilik loyihalari jipsligimizning amaliy ifodasidir. Bosh konsul Sherzod Abduxoliqov rahbarligidagi jamoa vatandoshlar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, ularning muammolariga yechim topish, milliy birlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish hamda jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash borasida izchil faoliyat olib bormoqda. Bunday sa’y-harakatlar Turkiyadagi o‘zbek jamoatchiligini yanada jipslashtirishga xizmat qiladi.
– Sizga berilgan “O‘zbekistonning Faxriy madaniyat elchisi” unvoni qanday ahamiyatga ega?
– Bu unvon men uchun yuksak e’tibor va ulkan mas’uliyatdir. Men ushbu e’tirofni shaxsiy muvaffaqiyat sifatida emas, balki Turkiyada milliy madaniyatimizni saqlash, targ‘ib qilish yo‘lida sobit barcha fidoyi insonlar faoliyatiga berilgan yuqori baho sifatida qabul qilaman. Ha, inson qayerda yashamasin, uning qalbi Vatan bilan birga uradi. Til, madaniyat va milliy qadriyatlar esa avlodlarni bir-biriga bog‘lab turadigan bebaho merosdir. Shu boylikni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning umumiy vazifamizdir. Milliy birdamlik va Vatanga sadoqat esa har qanday masofadan ustun turadigan beqiyos kuchdir.
Nodira Qayumova, O‘zA
Istanbul, Turkiya