“Cho‘lquvar”: obod mahallada odamlar kayfiyati ham o‘zgacha bo‘ladi
Keyingi yillarda mamlakatimizda mahallalarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonlar Qarshi shahrining og‘ir toifadagi Cho‘lquvar mahallasida ham o‘zining amaliy ifodasini topdi. “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyili asosida hududda amalga oshirilgan keng qamrovli qurilish va obodonlashtirish ishlari mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirdi.
Mahallada 66 ta ko‘p qavatli uy, 2 ming 561 ta xonadonda qariyb 7 ming 845 nafar aholi yashaydi. Shuningdek, hududda umumta’lim maktabi, ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, 128 ta savdo do‘koni, 24 ta umumiy ovqatlanish maskani va jami 243 ta turli xizmat ko‘rsatish ob’ekti faoliyat yuritadi. Shu bois amalga oshirilgan har bir o‘zgarish minglab insonlar hayotida o‘z aksini topmoqda.
Obodonlashtirish ishlari, avvalo, ko‘p qavatli uylarning tashqi ko‘rinishi va muhandislik tarmoqlarini yaxshilashdan boshlandi. 25 ta uyning fasadi to‘liq ta’mirlandi, 11 tasida kanalizatsiya tizimi yangilandi, yana 11 ta uy oldidagi kirish yo‘laklari betonlashtirildi. 18 ta uyning 108 ta pod’ezdi ta’mirlanib, 9 ta uyning framuga oynalari zamonaviy plastik romlarga almashtirildi. Oltita uyning yerto‘la qismi tozalanib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tartibga keltirildi.
Mahalla aholisi bu o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.
– Ilgari uyimiz oldidagi yo‘laklar yomg‘ir yoqqan kunlari loy bo‘lib ketar, kechqurun yoritish ham yetarli emasdi. Endi esa hamma joy ozoda, yo‘laklarda beton qilingan, kechasi ko‘cha chiroqlari yonib turadi. Bolalarimiz ham xavfsiz o‘ynayapti. Eng muhimi, odamlarning mahallaga munosabati o‘zgardi, – deydi mahalla fuqarosi Mavluda Rahimova.
Hududning ekologik muhitini yaxshilash maqsadida 10 ta ko‘p qavatli uy atrofida yangi yashil hududlar barpo etildi, manzarali daraxt va gullar ekilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. To‘qqizta uy oldida umumiy maydoni 2 ming 40 kvadrat metr beton yo‘laklar qurildi. 300 metr piyodalar yo‘lagi foydalanishga topshirildi, yana 600 metr yo‘lak qurilishi davom etmoqda.
Mahallaning me’moriy qiyofasi ham zamonaviy tus oldi. To‘rtta ko‘p qavatli uy devorlarida milliy qadriyatlar va ezgu g‘oyalarni aks ettiruvchi devoriy rasmlar chizildi. Aholi dam olishi uchun o‘rindiqlar o‘rnatildi, yettita uy oldiga sug‘orish tarmoqlari yotqizildi. Shu bilan birga, 13 ta tadbirkorlik ob’ektining tashqi ko‘rinishi ham yangilandi.
– Mahallamiz avvalgi holat bilan hozirgi qiyofasini taqqoslab bo‘lmaydi. Yangi dam olish maskanlari, gulzorlar, devoriy rasmlar nafaqat mahallaga chiroy bag‘ishladi, balki yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ham imkoniyat yaratdi, – deydi fuqarolardan biri Shavkat Qurbonov.
Xavfsizlik masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Hududga 205 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, profilaktika inspektorining yagona nazorat tizimiga integratsiya qilindi. Ularning oltitasi yuzni aniqlash (Face ID), beshtasi esa avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini avtomatik tanib olish imkoniyatiga ega zamonaviy “aqlli” kameralardir.
Mahallada Yoshlar bog‘i hamda aholi dam olish maskani tashkil etilgani esa turli yoshdagi fuqarolar uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari ham keng ko‘lamda amalga oshirildi. Uchta transformator punkti mukammal ta’mirlandi, yana bittasi hamda 900 metr elektr kabeli yangilandi. 18 ta ko‘p qavatli uyning ichki elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, kirish yo‘laklariga 700 ta harakat sezgili shift chirog‘i o‘rnatildi. Hudud 95 ta quyosh panelli ko‘cha chirog‘i bilan yoritildi.
Gaz ta’minoti tizimida 11 ta gaz taqsimlash punkti kapital ta’mirlandi. Eskirgan to‘rtta gaz taqsimlash punkti zamonaviy ikki bosqichli tizim bilan almashtirildi, 6,4 kilometr gaz quvurlari tartibga keltirilib, bo‘yaldi. Aloqa kabellari qayta joylashtirilishi natijasida internet sifati ham sezilarli darajada yaxshilandi.
Ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini takomillashtirish doirasida aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 13 ta suv hovuzi demontaj qilindi. Oltita ko‘p qavatli uyning ichki suv tarmoqlari tartibga keltirildi, sakkizta oqova suv qudug‘i maxsus qopqoqlar bilan jihozlandi.
– Ilgari kommunal xizmatlar bilan bog‘liq ayrim muammolar tez-tez uchrardi. Hozir elektr, suv va gaz ta’minotida barqarorlik sezilmoqda. Eng muhimi, mahallamizda tartib va ozodalik qaror topdi, – deydi mahalla oqsoqollaridan biri Abduqahhor Egamberdiyev.
Cho‘lquvar mahallasida amalga oshirilgan mazkur ishlar nafaqat hududning tashqi qiyofasini o‘zgartirdi, balki muhandislik infratuzilmasini mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash va aholi turmush sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-30198]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari