Asl o‘g‘lonlarga ona Vatan ishonchi katta kuch va tolmas qanot bag‘ishlaydi
Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
Toshkentdagi muhtasham Olimpiya shaharchasi. 30-iyun – Yoshlar kuni. Shu sanada bu yerda yuragi Vatan deb urgan, o‘z sohasida tashabbuskor yigit-qizlar jam bo‘ldi.
Prezidentimizning farmoniga muvofiq, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Tantanada davlatimiz rahbari mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.
Ana shunday sharafli daqiqalarni qalbidan o‘tkazgan, safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yosh yetakchilardan biri Milliy gvardiya harbiy qism otryad komandiri Shohzodbek Elbekov bo‘ldi. Undagi qat’iyat, harbiy intizom va yuzidagi samimiy tabassum davlatning yuksak ishonchiga sazovor bo‘lgan komandirning haqiqiy qiyofasini ko‘rsatib turardi.
Tadbir yakunlangach, hali hayajoni bosilmagan, ammo oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan Shohzodbek bilan suhbatlashdik.
– Tengdoshlarim orasida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlanishni orzu qilmagan yigit bo‘lmasa kerak, – deydi Shohzodbek Elbekov g‘urur bilan. – Bugun men hayotimdagi eng go‘zal maqsadlardan biriga erishdim. To‘g‘risi, hayajonimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Hurmatli Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining qo‘llaridan ushbu mukofotni qabul qilib oldim.
Bilasimi, eng unutilmas voqea mukofot topshirilayotgan paytda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari menga qarab, ota-onangga rahmat, hech qachon to‘xtab qolma, dedilar. Bu so‘zlar menga go‘yo qanot bag‘ishladi! Bu oddiygina qutlov emas, bu menga va men orqali butun oilamga, safdoshlarimga bildirilgan yuksak ishonchdir. Ayni damda, bu e’tirof zimmamga juda katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Bugun Milliy gvardiya saflarida biz, harbiylarning jangovar va maxsus tayyorgarlik bilan mukammal shug‘ullanishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, nafaqat shaxsan o‘zim, balki qo‘l ostimdagi shaxsiy tarkib bilan birgalikda ham yakka tartibda, ham guruh bo‘lib tinimsiz mehnat qilyapmiz. Maqsadimiz jangovar shaylik va maxsus tayyorgarlik bo‘yicha eng yuqori cho‘qqilarni zabt etish.
Bu uchrashuvdan, ochiq muloqotdan juda katta motivatsiya oldim. Prezidentimiz yoshlar uchun juda ko‘plab yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu menga yangicha fikrlash, zamon bilan hamnafas bo‘lish kerakligini ko‘rsatdi. Endilikda oldimga yana bir katta maqsad qo‘ydim. O‘z shaxsiy tarkibimni nafaqat an’anaviy usullarda xalqaro musobaqalarga tayyorlash, balki harbiy sohada zamonaviy IT texnologiyalardan, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bugungi zamon harbiysi har tomonlama intellektual bo‘lishi shart.
O‘zimga kelsak, 2017-yildan buyon sportning o‘q otish turi bilan muntazam shug‘ullanib kelaman. 2019-yilda, hali kursantlik davrimdayoq MDH davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni egallash nasib etgandi. Shundan so‘ng tayyorgarlikni to‘xtatmadik. Belarus Respublikasida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada ikki bor g‘olib bo‘lib qaytdik.
Kelgusida ham xalqaro maydonlardagi shiddatli bellashuvlarda safdoshlarimiz bilan yelkama-yelka turib, yurtimiz bayrog‘ini dunyo sahnida baland ko‘taramiz. Vatanimizga faqat g‘alabalar bilan qaytamiz!
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri