2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 24,1 foizga o‘sib, 21,2 trillion so‘mni tashkil etdi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda uy-joy bozori iqtisodiy islohotlar, urbanizatsiya jarayonlari va aholi daromadlarining o‘sishi ta’sirida jadal rivojlandi. Ayniqsa, 2020–2023-yillarda kuzatilgan yuqori sur’atli narx o‘sishi bozorda ma’lum darajada “qizish” holatini yuzaga keltirgan edi. 2025-yilga kelib esa mazkur jarayon tabiiy ravishda yangi bosqichga — barqarorlashuv va muvozanatni tiklash davriga o‘ta boshladi.
"O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, uy-joy bozorida narxlar dinamikasi, talab va taklif o‘rtasidagi nisbat hamda ipoteka mexanizmlarining rivojlanishi yangi iqtisodiy sharoitlarga moslashayotganini namoyon etmoqda. Bu esa nafaqat bozor ishtirokchilari, balki uy-joyga muhtoj aholi qatlamlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2025-yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida muhim o‘zgarishlar kuzatildi. So‘nggi yillardagi jadal o‘sishdan keyin bozorda tabiiy korreksiya va muvozanatlashuv jarayoni boshlandi. Bu holat, ayniqsa narxlar dinamikasi, talab va taklif o‘rtasidagi mutanosiblikda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Hisobot davrida birlamchi uy-joy bozorida hududlar kesimida asosan narxlarning o‘sishi kuzatildi. Xususan, avvalgi chorakda pasayish qayd etilgan ayrim hududlarda qayta tiklanish jarayoni boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida narxlar 10,4 foiz, Buxoroda 9,4 foiz va Namanganda 6,2 foizga oshdi.
Ayni paytda, ayrim hududlarda narxlar biroz pasaydi. Eng katta tushish Surxondaryo (–3,2%), Andijon (–1,4%) va Jizzax (–0,8%) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahri va viloyatidagi holat esa alohida e’tiborga loyiq. Bu yerdagi nisbiy pasayish 2020–2023-yillardagi yuqori o‘sish sur’atlarining “tabiiy korreksiyasi” sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, poytaxtda narxlar sekinlashgan bo‘lsa-da, hududlarda o‘sish davom etmoqda. Bu esa bozorning bosqichma-bosqich muvozanatga kelayotganidan dalolat beradi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar barqarorlashdi. Ayrim hududlarda pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik viloyatlarda o‘sish qayd etildi. Qashqadaryo (9,7%), Xorazm (6,4%), Namangan (6,1%) va Samarqand (5,4%) viloyatlari bu borada yetakchi bo‘ldi.
Poytaxtda esa narxlar pasayishi davom etdi, ammo uning sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi. Bu holat bozordagi taklifning ortishi bilan izohlanadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish ishlari natijasida bozor yangi uy-joylar bilan to‘yinmoqda. Bu esa ikkilamchi bozorda ham raqobatni kuchaytirib, narxlarga bosim o‘tkazmoqda.
Qayd etilishicha, 2025-yilning to‘rtinchi choragida ijara bozorida ham faollik oshdi. O‘rtacha narxlar 3,7 foizga ko‘tarildi. Eng yuqori ijara narxlari an’anaviy ravishda Toshkent shahrida (99,8 ming so‘m/m²), Toshkent viloyati va Samarqandda kuzatildi. Shu bilan birga, Surxondaryo va Toshkent viloyatida ijara narxlarining biroz pasayishi qayd etildi. Bu esa ayrim hududlarda talabning vaqtincha to‘yinganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda uy-joy qurilishi izchil o‘sib bormoqda. 2018–2024-yillarda mamlakat uy-joy fondi 430 mingdan ortiq yangi uylar hisobidan kengaydi. 2025-yilda 106,5 mingta uy-joy foydalanishga topshirildi.
Demografik o‘sishni hisobga olganda, har yili kamida 95 mingta yangi uy qurish zarur. Shu maqsadda 2026-yil uchun 140 ming xonadon qurish rejalashtirilgan. Uzoq muddatli strategiyaga ko‘ra, 2040-yilga borib bu ko‘rsatkich 280 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 24,1 foizga o‘sib, 21,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘sish asosan birlamchi bozordagi ipoteka kreditlarining 47,2 foizga oshgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, ipoteka foiz stavkalarida pasayish tendensiyasi kuzatildi. Imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 16,75 foizgacha tushdi. Bu esa aholi uchun uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Soha mutaxassislarining qayd etishicha, 2025-yil O‘zbekiston uy-joy bozori uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Ilgarigi “qizib ketgan” o‘sishdan keyin bozor sog‘lomlashuv va barqaror rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Poytaxtda narxlar muvozanatga kelayotgan bir paytda, hududlarda iqtisodiy faollik va talabning ortishi kuzatilmoqda. Taklifning ko‘payishi esa xaridorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratmoqda.
Umuman olganda, bugungi dinamika uy-joy bozorining uzoq muddatli barqarorligi va aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratayotganini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA