Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 10 iyulda e’lon qilingan)
Yana bir marta takrorlayman. Haqiqiy madaniyat uchun, Ezgulik ma’naviy bulog‘i uchun yo‘l ochish qanchalik og‘ir va mashaqqatli bo‘lganini biz tengi avlodning aksariyati o‘z shaxsiy tajribasi orqali biladi, chunki dahshatli og‘u bizning qonimizga ham singib ketgandi. Agar yo‘limizda shu kabi rahnamolar bo‘lmaganda, ozod bo‘lishning aslo iloji yo‘q edi. Shaxsan men buning uchun butun hayotimni tikdim. Va qolgan qismi ham, qancha bo‘lsa, hammasi shunga bag‘ishlanadi.
Ha, men chinakam baxtliman, chunki hozir ham menga yashash uchun yordam beradigan odamlarni uchrataman. Ko‘pchilik tengdoshlarim stalinchilik g‘oyaviy to‘ridan hali ham sug‘urilib chiqa olmaganini, eskirgan aqidalariga zo‘r berib yopishayotganini tushunish juda og‘ir.
O‘z navbatida, hozirgi yoshlarga shu murakkab, qarama-qarshi dunyomizda to‘g‘ri yo‘lga chiqib olishlari uchun bor kuchim bilan yordam berishni istayman. Yordam berishni... hatto o‘z xatolarim bilan ham. Bismark aytganiday, axmoqlar o‘zining, aqllilar esa o‘zgalarning xatosidan o‘rganadilar.
Ikeda: – O‘n to‘qqiz yoshimda ustozim Todoy bilan ilk bor uchrashdim va unga uchta savol berdim: “Inson uchun to‘g‘ri yashash nima o‘zi?”, “Haqiqiy vatanparvar kim?”, “Imperator haqida nima deb o‘ylaysiz?”. Shubhaga o‘rin yo‘qki, o‘smirligi militarizm va fashizm tomonidan oyoqosti qilingan yosh yigit uchun ushbu savollar muqarrar edi. Ammo o‘ylab ko‘rilsa, birinchi savol o‘zida, Aflotun “Davlat”ida guvohlik bergani kabi insoniyat tarixiga oid og‘ir savollardan birini ifoda etadi. O‘shanda men undan sof ichki his-tuyg‘uga tayanib so‘ragandim.
Javobning aniq mazmunini uncha aniq eslay olmayman, faqat ko‘z o‘ngimda tabassum namoyon bo‘ladi, hazil aralash bir maromdagi sokin nutqni eshitaman. Bunda qiyin falsafiy terminlar yo‘q edi, pand-nasihat yo‘q edi. Bu odam teran falsafiy fikrlarni eng sodda, hammaga tushunarli so‘zlar bilan ifodalay olar, shuning barobarida tinglovchiga o‘zidagi mustahkam komil ishonchni yuqtirardi. Ushbu komil ishonch kuchiga bo‘ysunmay, tik turishning iloji yo‘q edi, men shunda ich-ichimdan his etdimki: shu odamning orqasidan ergashish mumkin! Mening sezgimga sodiqligim yillar o‘tib, hayotda ustozim bilan yonma-yon qadam tashlay boshlaganimda, yetarlicha tasdig‘ini topdi. Uning yordami bilan men jamiyatni tanidim, xalqni tanidim, odamlarni tanidim. Boshqacha aytganda, chinakam inson hayotini tushuna oldim. Va shu nuqtai nazardan, ustozim men uchun hammaning o‘rnini bosdi. Bu – mening buyuk quvonchim va iftixorim.
Ch.Aytmatov: – Shu yerda benazir adib Yuriy Олешнинг so‘zlarini keltirmasam bo‘lmaydi: “Dono ustoz himoyasida fikrlashni boshlagan odam xushbaxtdir”. Kimki ulg‘ayganida shu so‘zlarni ayta olsa, haqiqatdan ham baxtli. Bizning qarzimiz – ko‘proq himoya qilish. Axir hayotining dastlabki yoshlik yillarida baxt-saodat nimaligini bilmagan insonning keyingi umri, qaysidir ma’noda tushkun, noraso bo‘ladi.
Ikeda: – Afsus, juda ko‘p yoshlarni uchratganda nadomat bilan anglaysanki, u baxtiyor emas. Bundan og‘rinasan. Olamning noayon go‘zal sirlari ular uchun ochilmagan. Lekin unga bo‘lgan tushunuksiz sog‘inch hissi (ayrimlari, balki allaqachon his etayotgandir) ularni ta’qib etadi. Va kimki buning sababini fahmlab qolsa, og‘ir bo‘ladi. Shunda u otasidan o‘pkalaydi: moddiy muvaffaqiyatlar uchun kimo‘zarlikka berilib, unga asosiy narsani – haqiqiy hayotga muhabbatni o‘rgatmabdi.
Zamonaviy yoshlarga: “Bizning davrimizda... Biz...” qabilida pand-nasihat qilmoqchi emasman. Faqat bir o‘y hech tinchlik bermaydi, nega bunday bo‘layapti, yoshlar har qanday ma’lumotni topib, osongina foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan hozirgi iqtisodiy gullash davrida (Yaponiya haqida gapirayapman, qisman), ko‘pchilik qiziqishini ko‘proq ma’naviy bo‘shliqqa g‘arq etuvchi xabardorlikka sarflayapti, unga bog‘lanib qolayapti, ommaviy madaniyat, yalang‘och shahvoniyat ularni o‘pqonday o‘z domiga tortayapti. Bir qarashda teskari haqiqatday tuyilgan, aslida esa unday bo‘lmagan narsalar bosh qotirishga arzirmikan? Boshqa tarafdan esa “iqtisodiy mo‘’jizalar” inson shaxsini yemirayapti. Bu texnik taraqqiyot odamning bir ehtiyojini qondirib, qolgan faoliyat, qobiliyatlarini yo‘q qilmayaptimi?
Ch.Aytmatov: – Borgan sari men o‘z yoshim haqida ko‘proq o‘ylayapman, ilgari deyarli e’tibor bermasdim. Shuning uchun bo‘lsak kerak, jamiyat tanlagan taraqqiyot yo‘li o‘zini oqlaydimi yoki oqlamaydimi, hayotning mazmunini idrok etishda turli avlodlar qarashlari o‘rtasidagi farqni hayrat va ta’sirchanlik bilan qabul qilaman. Ha, bu yerda kim qay daraja haqligini isbotlash juda qiyin. O‘ziniki bo‘lmagan ayb bilan tarixiy “yovon”ga va 80-90 yillar yoshlari uchun hozirlangan boshi berk ko‘chaga kirib qolgan hozirgi sovet odamlarining sinalgan to‘ng‘ich avlodi o‘zidagi aybdorlik hissini qanday izohlashi mumkin? Biz, otalar, ishimizni davom ettiradi, degan umidda qayta qurishni zamonaviy yoshlarga qoldirayapmiz. Ammo u kutganimizdek natija beradimi? Jamiyatni demokratik qayta qurish bilan bog‘liq yangi istak va amalimiz qadr topadimi? Otalar chekkan azob kulgiga, qolaversa, bolaligidan ko‘zi ochilgan yoshlarning nafratiga duchor bo‘lmaydimi?
O‘z fikrimni mutlaq haqiqat, deb da’vo qilmoqchi emasman.
Gapni qisqa qilaman. Zamonaviy hayot har qancha chigallashmasin, siyqasi chiqqan nasihatgo‘ylik ta’sir ko‘rsatolmaydi. Garchi achchiq-achchiq bir nimalar deging kelsa ham. Masalan, nega jinsiy aloqaning turli ko‘rinishdagi usullari, erkinlikning ushbu soxta ong shakli bilan bog‘liq barcha narsalarga yoppasiga qiziqishadi, aslida bu – ahloqsizlik va pornografiya-ku. Bu borada butun dunyoda ekranlarni, estrada, teatr, tasviriy san’at va boshqa ko‘z bilan ko‘riladigan san’at turlarini ayblash odat tusiga kirgan. Ammo talab bo‘lmasa, taklif bo‘larmidi?
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi