Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 27-iyunda eʼlon qilingan)
Nima uchun bu hodisa shunchalik e’tiborni jalb etdi, mavzuga aylandi? Chunki bizning jamiyatda onalik mehri yetishmaydi, odamlar, shunchaki, mehrga zor.
Aslini olganda, odamzod begemotdan ham, yo‘lbarsdan ham, arslondan ham – o‘z bolalarini qanday tarbiyalab voyaga yetkazayotganini o‘rgansa bo‘ladi.
Siz g‘ayri ixtiyoriy onalik mehrini eng baland ma’naviy yuksaklikka ko‘tardingiz, ona bolalari orqali abadiyatga daxldorligi haqida gapirdingiz, bu haqqoniy so‘zlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Xudbinlik tuyg‘usiga butunlay zid bo‘lgan onalik mehri va eng yorqin ranglarda tovlanuvchi chinakam ayollik tabiati jilo bergan onalik mehri, o‘zini namoyon qilish uchun bor ovozi bilan jar solayotgan taraqqiyotga buyuk aybnomadir. Xristian dinida asosiy tuyg‘u muhabbat, deb nomlansa, buddizmda bu shafqat, onalik mehriga ko‘proq o‘xshab ketadi va unda chuqur mazmun yashirin.
Sutra Nirvanadan ko‘pma’noli hikoyat aytib bermoqchiman. Olamda bir qashshoq ayol yashagan ekan. Uning na uy-joyi, na bir ko‘makdoshi bor ekan. U chekiga tushgan dardlardan azob chekib, ochlik va tashnalik qiynog‘i bilan olamda izg‘ib yurarkan. Kunlarning birida karvonsaroy hovlisiga to‘xtab, o‘sha yerda yashab qolibdi va... farzand ko‘ribdi. Shunda karvonsaroy xo‘jayini bu bechora ayolni ko‘chaga haydabdi. Tug‘ruqdan so‘ng juda oz vaqt o‘tgan, ammo u go‘dagi bilan juda ko‘p yo‘l bosgan edi.
Yo‘lda shamoldan, yomg‘irdan va sovuqdan azob chekdi, chivinlar, pashshalar va zaharli hasharotlar lashkarlari unga hujum qilishdi. Nihoyat, u bir katta daryoga duch keldi, bolasini bag‘riga bosgancha, narigi qirg‘oqqa suzib o‘tmoqchi bo‘ldi, ammo oqim tezligiga dosh berolmay, cho‘kib ketdi. Bolasidan ayrilib qolishni istamay, uni qattiq bag‘riga bosgancha cho‘kdi. Hikoyatning mazmuniga ko‘ra, har bir ona farzandiga bo‘lgan mehri tufayli mangu hayot uchun asralgan.E’tiboringizni g‘oyatda go‘zal bir iboraga qaratmoqchiman: “o‘zidan kechish”. Umuman olganda, u o‘zini rad etishni anglatmaydi. Aksincha, buddizm nuqtai nazaridan qaraganda, u yangi “men” sari yo‘l ko‘rsatadi.
Ch.Aytmatov: – Qo‘rqamanki, o‘zini o‘zi takomillashtirish mehnati, ko‘p zamonaviy odamlar uchun nihoyatda zerikarli ishday tuyuladi. Va yana, keraksiz ishday. O‘z ustida ishlash nima kerak ular uchun? Hayot qanchadan-qancha yengil ermak va farog‘at taklif etib turganida, vaqt yo‘qotish o‘rinsiz. Va har qanday yosh progmatist[1], hech bo‘lmaganda qadimiy an’analar bilan tabarruk sanalgan yuksak axloqiy me’yorlarga tupurishni xohlaydi, chunki biladiki, biz unga taklif qilganimizdan butunlay farq qiluvchi boshqa odamlarni namuna qilib olsa, o‘zi intilayotgan muvaffaqiyatga erishishi osonroq va aniqroq bo‘ladi.
Ikeda: – Sizda qanday qilib birdaniga bunaqa umidsiz skeptik[2] tilga kirdi?.. Ammo har birimizni bu holat tez-tez tashvishga solib turadi. Yaxshisi, keling, charchoq va ko‘ngilsizlikka berilmaylik, umidimizdan chekinmaylik, hind donishmandlari aytganidek, Xudo yerga farishtalarni yuborayotgan ekan, demak, U odamlarga ishonchini butkul yo‘qotmagan.
Ch.Aytmatov: – Agar biz, bugungi kattalar, bolalarimizga ana shunday ko‘z bilan qaraganimizda edi! Axir farishtalar – ular emasmi?
Ikeda: – Ha.
Ch.Aytmatov: – Shunday ekan, o‘ylab qolaman: bizga nima bo‘ldi o‘zi, nega ona bolalariga topinmaydi? Aksincha, ba’zilari dardisar deb biladi. Ko‘ryapsizmi, bola xalal berayapti. Nimaga? U tinimsiz g‘amxo‘rlik talab qiladi. U – ishda muvafaqiyatlarga erishish uchun to‘siq. Chunki tez-tez kasal bo‘ladi. U... Umuman olganda, u bo‘lmaganida yaxshiroq edi. Nahotki, hech kimsa dahshatdan titramaydi? Bu aql bovar qilmas hodisa-ku.Chinakam onalik mehrini his etib ko‘rgan odam, boshqachasiga qanday qilib o‘zini baxtli hisoblashi mumkin! U quyoshni ko‘rdi, uning jonbaxsh nurida isindi. U farishta edi.Va boshqa bir o‘nglanmas baxtsizlar ham borki, ular go‘daklikdan oila mehri va taftdan mahrum. G‘ayrioddiy sezgirligi bilan bola o‘zining tasodifiyligi va ortiqchaligini anglab yetsa (mohiyat so‘zsiz anglashiladi), keraksizlik hissidan achchiq va og‘riqli iztirob chekadi. Shuningdek, uni dunyoga keltirgan ayol ham g‘ayb tuyg‘ularini his qilmasa, o‘zini chinakam hayot, turmush quvonchidan mahrum etadi. Va buni anglab yetganida, keyin...
Ch.Aytmatov: – Albatta. Ammo qachon anglab yetadi? Anglab yetadimi?
Ikeda: – Akbara angladi-ku.
Ch.Aytmatov: – “Qiyomat”dagi bo‘rini nazarda tutyapsizmi?
Ikeda: – Xuddi o‘sha. Yurak o‘rtovchi uvlash – romaningizdagi kuchli motiv. Onalik qayg‘usi, bolalarini tortib olganidan ta’sirlanish. Nahotki odamdan ko‘ra yirtqich bolalarini ko‘proq yaxshi ko‘rsa?
Ch.Aytmatov: – Mudhish savol. Tan olaman, men bu sahnani yozayotib bunday o‘ylamaganman. Ammo... agar u yuzaga chiqqan ekan, demak, ong ostida yashirin bo‘lgan. Aristotel ta’biricha, fikrlar dastlab sezgilar bilan baravar vujudga keladi, shundan kelib chiqqan holda, biz insoniyatning dunyoqarashi va hayotni idrok etishi oldingiga nisbatan asta-sekin o‘zgarishi muqarrar bo‘lgan yangi asr ostonasida turibmiz, deb gumon qilish mumkin. Ayniqsa, bu ayrim odamlarda yaqqol ko‘rinadi. Ammo, aytishadi-ku, shoshgan ishga shayton qo‘shilar.
Ikeda: – Bu bilan siz, hayotga qarashlar butkul o‘zgarayotgan davrda yashayapmiz, demoqchimisiz?
Ch.Aytmatov: – Shunaqa o‘ylashni istardim. Men, masalan, o‘zimni “tabiat gultoji”, deb hisoblay olmayman va hisoblashni istamayman ham. Yoshi bir joyga yetib, “qolipga tushgan kommunizm odamining” kallasiga bolalardan o‘rganish kerak, degan o‘y hech qachon kelmagan.
BOLA TILIDAN...Ikeda: – Men yana bolalikka qaytishni, bola bo‘lib qolishni istardim. Ba’zan o‘zimdan so‘raydigan savolimga nima deb javob berishni bilmayman. Quruq safsata sotmayapmanmi? U holda, nega bu istak meni tinimsiz ta’qib qilaveradi?
Ch.Aytmatov: – Ushbu savoldan hech kim qochib qutulolmaydi. Bu yerda drama, menimcha, biz katta bo‘lgach, istasak-istamasak, endi hech kim kechirmaydigan aybdorlikni his qilishimizda. Chunki kechirishi mumkin bo‘lgan odam endi dunyoda yo‘q.
Ikeda: – Ha, bundan-da g‘amginroq g‘am bo‘lmasa kerak, endi men onamni qucholmayman, unga u kutgan mehrli so‘zlarni aytolmayman, ammo hammasini juda kech tushundim. Biz sarf etib bo‘lmaydigan tuyg‘ularni tuyishga mahkummiz. Nahotki ular, bolalikning muqaddas tuyg‘ulari behuda va ko‘zyoshlarning ko‘rinmas dunyosi kabi g‘oyibligi muqarrar bo‘lsa?
Ch.Aytmatov: – Nega g‘oyib bo‘ladi? Axir, bolalar yozuvchisi sifatida, qachondir tabiatning sehrli go‘zalligi sizga o‘zini oshkor etgan payt ko‘zlaringiz xushbaxt chaqnab, yoki insoniyat razolati, xiyonati va yolg‘onining qora tubi ochilgan fursat beixtiyor achchiq yig‘lab ifoda etgan kechinma va fikrlaringizda tirik emasmi?
Ikeda: – Esiz, kattalarning aksariyati bolalarga qarab turib, ular tasavvurida o‘ynayotgan fantastik sarguzashtlar va voqealardan, o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolganida kimga aylanishidan bexabar bo‘lishadi. Bu yerda muammo, ko‘pchilik kattalar o‘z bolaligini unutib qo‘yishganida. Qismat nima o‘zi? Biologik qonun, qo‘g‘irchoqning kapalakka aylanishiday gapmi? Kim bilsin, balki avlodlar – otalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyatning ildizi, mana shu ongsizlikdir? San’at buzilgan aloqani tiklashga harakat qilayapti-ku. U soqov yig‘ini yaqqol tushunarli tilga o‘girmoqda. Xuddi Kyorkegor aytganiday, shoir – bu og‘riqdan dodlayotgan odam, ohidan go‘zal musiqa to‘kiladi.
Ch.Aytmatov: – Bola bo‘lgan paytlar esga tushsa, achchiq yig‘i keladi. Agar bolalar biz haqimizda nima o‘ylashini bilganimizda, shubhasiz, boshqacha yashagan bo‘lardik.
Ikeda: – “Aka-uka Karamazovlar”dan bir voqea esimga tushdi. Ivan bola paytida bu dunyoning nomukammalligi va bema’niligini isbotlashga uringani uchun tun bo‘yi sovuq qaznoqqa qamab qo‘yiladi. Va faqat besh yoshli qizaloqqina ko‘zlarida yosh bilan “Xudojoni”dan unga yordam so‘rab iltijo qiladi. Aytgancha, ushbu romanning qoralama eskizlarida Dostoyevskiy dastlab Alyosha monastrdan chiqib ketgach, bolalar uyini vasiy qilmoqchi bo‘lgan.
Ch.Aytmatov: – Siz haqsiz. Dunyodagi buyuk yozuvchilardan biri Dostoyevskiy, boshqalardan farqli o‘laroq, bolalarda do‘zax zulmatidan chiqish yo‘lidagi umidni – nihoyatda toza, dog‘ tushmagan mohiyatni ko‘rdi. “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar” ham xuddi shunday. U shafqatsiz, adolatsiz voqelik ularni kimga aylantirib qo‘yganini bilgach, vahm va iztirob ichida qoldi, dahshatdan titrab ketdi.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi