Byurgenshtok yo‘l xaritasi: AQSH va Eron murosaga yaqinlashyaptimi?
Yaqin Sharq yana bir bor xalqaro siyosat markaziga aylandi. So‘nggi oylarda AQSH va Eron o‘rtasida kuzatilgan keskinlik, o‘zaro tahdid va harbiy to‘qnashuv xavfi mintaqa xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Iyun oyida boshlangan diplomatik faollik vaziyatni yangi bosqichga olib chiqdi.
2026-yil 17-iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida imzolangan Islomobod anglashuv memorandumi ikki davlat munosabatida muhim burilish sifatida baholanmoqda. Hujjat 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi hamda muzokara jarayonini ishga tushirishi lozim.
Oradan bir necha kun o‘tib, Shveysariyaning Byurgenshtok kurortida yuqori darajadagi muzokara tashkil etildi. Lyutsern ko‘li sohilida o‘tgan uchrashuvda nafaqat siyosat va xavfsizlikka oid masala, balki iqtisodiyot, energetika va moliya yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Demak, Vashington va Tehron muloqoti ko‘lami endi ancha kengaygan.
AQSH delegatsiyasiga vitse-prezident Jey Di Vens rahbarlik qildi. Muzokarada maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham ishtirok etdi. Eron tomonidan parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof hamda tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy qatnashdi. Shuningdek, markaziy bank, energetika va neft sohasi mutaxassislari jalb qilinishi tomonlar iqtisodiy muammoni ham siyosiy kelishuvning muhim qismi sifatida ko‘rayotganini anglatadi. Ayniqsa, Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari Rafael Grossi ham tadbirda ishtirok etishi yadroviy dastur masalasi muzokaraning asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Byurgenshtokdagi uchrashuvning eng muhim natijasi sifatida 60 kunlik maxsus “yo‘l xaritasi” qabul qilinib, siyosiy muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etish, yadroviy dastur, sanksiya va monitoring bo‘yicha alohida ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan. Shu tariqa tomonlar kelishuvni qog‘ozda qoldirmasdan, amaliy mexanizm orqali hayotga tatbiq etishga urinmoqda.
– Jarayon ahamiyati shundaki, tomonlar harbiy bosim emas, diplomatik mexanizm orqali yechim izlashga harakat qilmoqda, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti doktoranti Madinabonu Mamajonova mavzu haqida fikr bildirarkan.
Muzokaradagi asosiy muammolardan biri Livandagi vaziyat bo‘lib turibdi. Islomobod memorandumida harbiy harakatni cheklash zarurati ifodalangan. Isroil va “Hizbulloh” mazkur kelishuvning bevosita ishtirokchilari emas. Shu bois Byurgenshtokdagi uchrashuvda Livan yo‘nalishi alohida muhokama qilindi. Tomonlar ehtimoliy to‘qnashuvning oldini olish maqsadida maxsus “de-konflikt markazi” tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. AQSH, Eron va Livan vakillari ishtirokida ishlaydigan ushbu mexanizm harbiy harakat bilan bog‘liq xavfni tezkor muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.
Shu bilan birga Livan janubidagi vaziyat hamon murakkab. Isroil xavfsizlikni ta’minlash zarurligini ta’kidlayotgan bo‘lsa, “Hizbulloh” Isroil qo‘shini chiqib ketmaguncha qarshilik harakati davom ettirilishini aytgan. Bu holat muzokara taqdiriga ta’sir qiladigan tashqi omil sifatida ko‘riladi.
– Mintaqaviy kuchlar manfaati yo‘lidagi ziddiyat saqlanib qolsa, diplomatik sa’y-harakatga qaramay, kelishuvga erishish jarayoni murakkablashishi mumkin, – deydi M.Mamajonova.
Ayni payt Byurgenshtokda boshlangan jarayon AQSH va Eron munosabatini ochiq qarama-qarshilikdan institutsional muloqot maydoniga olib chiqishga qaratilgan ilk jiddiy qadam sifatida baholanmoqda. Muvaffaqiyat esa mintaqadagi voqealar rivoji va tomonlarning siyosiy irodasiga bevosita bog‘liq.
Hurmuzdan yadroviy dasturgacha: muzokaraning hal qiluvchi bosqichi

Byurgenshtok muzokarasida muhokama qilingan eng muhim strategik masalalardan yana biri Hurmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq vaziyat. Muzokara boshlanishidan oldin Eron tomonidan bo‘g‘oz faoliyatini cheklash ehtimoli haqidagi bayonot xalqaro bozorda xavotirni kuchaytirgan edi. Natijada neft narxi va energetika sohasidagi xatar yana kun tartibiga chiqdi. Shu bois Byurgenshtokda dengiz xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy to‘qnashuvning oldini olish bo‘yicha alohida muloqot qilindi.
Yakunda tomonlar bevosita aloqa mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mazkur mexanizm dengizdagi harakatni muvofiqlashtirish, tijorat kemalari xavfsizligini ta’minlash va ehtimoliy tushunmovchilikni tezkor hal etishga xizmat qilishi kutilyapti. Shuningdek, Eron 60 kun davomida Hurmuz ochiqligini saqlash va tranzit harakatiga qo‘shimcha cheklov joriy etmaslik majburiyatini oldi.
Muzokaraning yana bir muhim mavzusi Eronning yadroviy dasturidir. So‘nggi yigirma yil davomida aynan shu yo‘nalish Tehron va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi bahsli masala bo‘lib kelmoqda.
Byurgenshtokda erishilgan muhim natija sifatida Eronning Xalqaro atom energetikasi agentligi yo‘riqchilarini mamlakatga qayta kiritishga rozilik berganini qayd etish mumkin. Bu qadam xalqaro nazorat mexanizmini tiklash hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Shunga qaramay, asosiy yondashuv farqli. Tehron uranni boyitishni qonuniy huquq sifatida himoya qiladi. Vashington va hamkorlar esa mazkur imkoniyatni sezilarli darajada cheklash tarafdori. Hozircha mavjud uran zaxirasini reaktor yonilg‘isi darajasigacha suyultirish bo‘yicha texnik mexanizm muhokama qilinmoqda.
Muzokara muvaffaqiyati iqtisodiy omil bilan chambarchas bog‘liq, chunki Eron uchun har qanday diplomatik kelishuvning amaliy qiymati, avvalo, sanksiya taqdiri bilan o‘lchanadi. Islomobod memorandumiga muvofiq, AQSH Eron neft eksportiga nisbatan qo‘llangan cheklovni 60 kun yumshatishga rozilik berdi. Bu qaror Tehron uchun xalqaro energetika bozoriga qaytish imkonini yaratadi. Shu bilan birga xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan Eron puli masalasi ham muhokama markazida. Turli baholarga ko‘ra, mazkur mablag‘ 100-120 milliard dollar atrofida. Tomonlar ushbu resursdan foydalanish bo‘yicha maxsus nazorat mexanizmi joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
– Agar iqtisodiy masala bo‘yicha amaliy natijaga erishilmasa, siyosiy kelishuv barqarorligi ham savol ostida qoladi, – deya qayd etadi ekspertimiz.
Xullas, Byurgenshtok jarayoni nafaqat AQSH va Eron munosabati kelajagi, balki Yaqin Sharq xavfsizligi, xalqaro energetika bozori va global diplomatik muhitning keyingi rivojlanishini ham belgilab berishi mumkin. Keyingi 60 kun ichida qabul qilinadigan qarorlar mazkur yo‘l xaritasining hayotga tatbiq etilish yoki qog‘ozda qolib ketishini aniqlab beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA