Senator IHTga a’zo davlatlar Parlamentlar ittifoqi sessiyasida ishtirok etdi
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Tursunov Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar Parlamentlar ittifoqi konferensiyasining 20-sessiyasida ishtirok etdi.
"Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda parlamentlararo hamkorlik orqali barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish" mavzusiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjuman 40 dan ortiq mamlakat parlament delegatsiyalari, 10 dan ziyod davlat parlamentlari rahbarlari hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirdi.
Tadbirda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, barqaror va inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi.

Sessiya doirasida Bosh qo‘mita, Ijroiya qo‘mitasi, IHTga a’zo davlatlar parlamentlari bosh kotiblari assotsiatsiyasi hamda siyosiy masalalar va xalqaro munosabatlar, iqtisodiy masalalar va atrof-muhit, huquqiy va madaniy masalalar, sivilizatsiyalar va dinlararo muloqot, inson huquqlari, xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha qo‘mitalar yig‘ilishlari o‘tkazildi.
N.Abduraimova,
O‘zA