Buxoroga "Prezident sovg‘asi" yetib keldi
Buxoroga 1-sinf o‘quvchilari uchun bayramona tuhfa — “Prezident sovg‘asi” yetib keldi.
Bolalik inson umrining eng beg‘ubor, eng unutilmas fasli. Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan bola uchun yangi o‘quv yilining ilk kuni oddiy sana emas. Bu — uning hayotidagi yangi sahifa, bilim va kashfiyotlar olamiga boshlanadigan katta safarning birinchi kuni.
Yangi o‘quv yili arafasida Buxoro viloyatida ana shu quvonchli kunga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Hududdagi minglab oilalar farzandining qo‘lidan yetaklab, uni maktab ostonasiga olib keladigan hayajonli kunni kutmoqda. E’tiborlisi, bu yil Buxoro viloyatidagi 540 ta umumta’lim maktabining 1-sinfiga 40 ming nafarga yaqin o‘quvchini qabul qilish ko‘zda tutilgan. Bu raqam shunchaki statistika emas. U — 40 mingta yangi orzu, 40 mingta katta umid, 40 mingta oilaning farzandi kamolini ko‘rish yo‘lidagi ezgu niyatidir.
O‘zbekistonda yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan bolalarga alohida e’tibor qaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Davlat rahbari tashabbusi bilan yillar davomida shakllangan ezgu an’anaga muvofiq, yangi o‘quv yilida ham 1-sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilar uchun “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi.
Joriy o‘quv yili munosabati bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Buxoro viloyatiga 40 ming dona “Prezident sovg‘asi” yetkazib berildi. Ayni paytda sovg‘alarni joylarga manzilli va o‘z vaqtida yetkazish jarayoni davom etmoqda. “Ta’minot va logistika” MCHJning viloyat filiali tomonidan qutilar hududlardagi ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda. Demak, tez orada Buxoroning eng chekka hududlaridagi maktablarda ham bir xil manzara — yangi formadagi, ko‘zlarida hayajon va quvonch porlagan bolajonlar qo‘lida “Prezident sovg‘asi”ni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bir qarashda oddiy sovg‘a bo‘lib ko‘ringan ushbu qutilarning ma’nosi aslida juda teran. Unda davlatning bolaga, uning ta’limi va kelajagiga bo‘lgan e’tibori mujassam. Zero, maktabga ilk qadam qo‘yayotgan bola bugun alifboni o‘rgansa, ertaga kitob mutolaa qiladi, keyinchalik ilm-fan sirlarini egallaydi. Kimdir shifokor, kimdir muhandis, kimdir o‘qituvchi, tadbirkor, olim yoki Vatan ravnaqiga xizmat qiladigan boshqa kasb egasi bo‘ladi. Bugungi e’tibor va g‘amxo‘rlik ana shu buyuk kelajakning poydevori hisoblanadi. Shu bois davlat rahbarining ta’lim sohasiga, bolalar tarbiyasi va ular uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgan tashabbuslari zamirida ulkan maqsad — Yangi O‘zbekistonning bilimli, vatanparvar, zamonaviy fikrlaydigan va raqobatbardosh avlodini tarbiyalash g‘oyasi mujassam.
Yangi o‘quv yili ostonasida Buxoroning 40 ming nafar birinchi sinf o‘quvchisi uchun qo‘ng‘iroqlar jaranglaydi. Ular uchun yangi daftarlar ochiladi, ilk harflar yoziladi, birinchi ustoz bilan tanishiladi va hayotning eng go‘zal sahifalaridan biri boshlanadi. Yaqinda qo‘llariga sovg‘a tutadigan bu bolajonlar — ertangi kunning bunyodkorlaridir. Ularning har birida Yangi O‘zbekistonning kelajagi yorqin kelajagidir. Shu ma’noda, “Prezident sovg‘asi” — bolalarga berilgan tuhfagina emas. U — ilmga, orzuga, ezgu maqsadlarga va yorug‘ kelajakka berilgan ishonchning ramzidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri