Buxorodagi madaniy meros ob’ektlarini saqlashda qanday muammolar bor?
Madaniy meros ob’ektlari yurtimizning tashrif qozog‘i sifatida mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etadigan, ajdodlarimizdan bizgacha meros bo‘lib kelayotgan qimmatli boyligimiz. Ularni asrab-avaylash, tarixiy ob’ektlardan foydalanishda belgilangan talablarga va qonunchilikka rioya qilish, shuningdek, kelajak avlodga bus-butun holicha yetkazish bugungi davr oldidagi dolzarb vazifadir.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zolari muntazam ravishda hududlardagi madaniy meros ob’ektlari holatini joyiga chiqqan holda o‘rganib, mavjud muammolarni bartaraf etishga e’tibor qaratib keladi. Yaqinda qo‘mita a’zolari tomonidan navbatdagi o‘rganish Buxoro viloyatida olib borildi. Deputatlar hududdagi madaniy meros ob’ektlarining saqlanish holati, restavratsiya ishlari va soha qonunchiligi ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
O‘rganishlar davomida Vobkent tumanidagi Chashmai Ayyub hazirasi va Tosh masjidning holati ko‘zdan kechirildi. Yog‘ingarchilik va tashqi muhit ta’sirida ta’mirtalab holatga kelgan Chashmai Ayyub hazirasida restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish, hududni obodonlashtirish, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish hamda peshtoqdan olib ketilgan plitkani o‘z joyiga qayta o‘rnatish zarurati qayd etildi.

Shuningdek, G‘ijduvon tumanidagi Qo‘rg‘on turizm mahallasida “Bozori qaymoq” masjidini muzeyga aylantirish, “Arabon masjidi” va “Shayx Tojiddin” masjidlarida restavratsiya ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur ishlar uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish bilan birga 7,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi.
Nazorat-tahlil jarayonida malakali restavratorlar yetishmasligi, sizot suvlarining tarixiy obidalarga salbiy ta’siri kabi masalalar ham ko‘tarildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, restavratsiya ishlarini takomillashtirish va madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Xalq vakillarining o‘rganishlarida aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda sohadagi qonunchilik ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘mitaning takliflari ishlab chiqiladi. Bu esa madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylab saqlash, ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA