Zulfiyaxonim merosi – yoshlar qalbida mangu yashaydi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida «Zulfiyaxonim izdoshlari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar Kengashi va Yozuvchilar uyushmasi mas’ullari, Zulfiyaxonim klubi a’zolari, Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda yosh avlodning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini va adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirishda ijodiy tashkilotlarning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar Kengashi raisi Irina Tokareva esa xotin-qizlarning siyosiy faolligi, qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Nargiza Asadova «Yosh qizlar ijodi: yangi avlod tashabbuslari» mavzusida ma’ruza qildi. Unda yosh qizlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, yangi iste’dodlarni kashf etish va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Samimiy va mazmunli muloqot ruhida o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish hamda yosh ijodkor qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy takliflarni muhokama qildi.

Mazkur tadbir xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquqiy va siyosiy bilimlarini mustahkamlash, yosh avlodning ijodiy tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda Zulfiya merosini kelajak avlodga yetkazishga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylandi.
N.Usmonova, O‘zA