Buxoro maktablarida 48 nafar xorijlik pedagog faoliyat boshladi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta’lim maktablarida an’anaviy “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Yangi o‘quv yilining ilk kunlari, ayniqsa, maktab ostonasiga birinchi bor qadam qo‘ygan o‘quvchilar, ularning ota-onalari va ustozlari uchun quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi. Maktablarda yangragan ilk qo‘ng‘iroq sadolari o‘quvchilarni yangi bilim va marralar sari chorladi.
[gallery-31224]
Ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishiga ko‘maklashish maqsadida viloyatdagi 139 ta umumta’lim maktabiga 148 nafar xorijiy pedagogni jalb etish belgilangan. Ular ingliz, fransuz, nemis va koreys tillaridan dars beradi.
Ayni paytda viloyat maktablarida 48 nafar xorijlik pedagog o‘z faoliyatini boshlagan. Rejaga muvofiq, 22-sentabrga qadar xorijiy mutaxassislarning barchasini ta’lim jarayoniga jalb etish ko‘zda tutilgan.
Xorijlik pedagoglarning maktablarda faoliyat yuritishi o‘quvchilarning xorijiy tillarni nazariy va amaliy jihatdan puxta o‘zlashtirishi, ularning til ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA