Buxoro davlat universiteti xalqaro e’tirofga erishdi
O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, ta’lim sifati va raqobatbardoshligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Xususan, mamlakat oliy ta’lim muassasalarini dunyo tan oladigan ta’lim mezonlari asosida rivojlantirish, xalqaro reyting va akkreditatsiya jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday muhim yutuqlardan biri Buxoro davlat universitetining bakalavriat va magistratura bosqichidagi 16 ta ta’lim dasturi Germaniyaning nufuzli xalqaro akkreditatsiya agentligi tomonidan muvaffaqiyatli xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Universitetga rasmiy akkreditatsiya sertifikatlari topshirildi.

Akkreditatsiya natijalariga ko‘ra, mazkur ta’lim dasturlarining xalqaro ta’lim standartlari va zamonaviy akademik talablarga to‘liq muvofiq ekani e’tirof etildi. Shuningdek, akkreditatsiyaning amal qilish muddati 2032-yil 30-sentabrgacha etib belgilangani universitet faoliyatiga berilgan yuksak bahodir.
Xalqaro akkreditatsiyadan Matematika (bakalavriat, magistratura), Amaliy matematika (bakalavriat, magistratura), Fizika (bakalavriat, magistratura), Kimyo (bakalavriat, magistratura), Biologiya (bakalavriat, magistratura), Yurisprudensiya (bakalavriat), Iqtisodiyot (bakalavriat, magistratura), Buxgalteriya hisobi (bakalavriat, magistratura), Moliya va moliyaviy texnologiyalar (bakalavriat) ta’lim dasturlari o‘tgan.
Mazkur yutuq universitetda ta’lim jarayonlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish, o‘quv dasturlarini muntazam modernizatsiya qilish, ichki sifat nazorati tizimini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish borasida olib borilgan tizimli ishlar samarasi ekanini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, xalqaro akkreditatsiya universitet bitiruvchilarining diplomlari va mutaxassislik darajalarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mazkur universitet nafaqat mamlakat, balki xalqaro ta’lim maydonida ham o‘z nufuzini mustahkamlab bormoqda. Universitet jamoasi sifatli ta’lim, zamonaviy ilm-fan va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish orqali kelgusida ham yangi yutuqlarga erishishni maqsad qilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri