Bunyodkor mahallasida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Bunyodkor mahallasida kecha va bugun o‘rtasidagi farqni nafaqat obod ko‘chalar, ta’mirlangan yo‘llar va yangilangan infratuzilmada, balki odamlarning mehnat qilib, daromad topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda ham ko‘rish mumkin. Hududda amalga oshirilayotgan ishlar mahallaning ijtimoiy qiyofasini yaxshilash bilan birga, uning iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilmoqda.
Respublika ishchi guruhi a’zolari “og‘ir” mahalla sifatida belgilangan Bunyodkorda bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud imkoniyatlar va foydalanish mumkin bo‘lgan zaxiralarni o‘rgandi.
Mahalladagi vaziyatni yaxshilash, aholi bandligi va daromad manbalarini kengaytirish maqsadida Respublika byudjetidan 2 milliard so‘m, mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘lar hisobidan 1,3 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 30 ta zamonaviy tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi, 1,5 kilometr ichki yo‘l asfaltlandi. Mahalla markazida kichik bozorcha va hunarmandchilik markazi tashkil etildi.
Bir qarashda infratuzilmaga oiddek tuyulgan bu ishlar, aslida, hududning iqtisodiy faolligi uchun ham muhim zamin yaratmoqda. Obod va qulay muhit tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va aholi faolligini oshirish uchun zarur shartlardan biridir.
Bu jarayonda eng muhim yo‘nalishlardan biri xotin-qizlar bandligini ta’minlashdir. Mahallada tashkil etilgan hunarmandchilik markazida ayni paytda 25 nafar xotin-qiz tikuvchilik bilan shug‘ullanib, mehnati orqali daromad topmoqda. Yana 30 nafardan ziyod xotin-qiz xonadonlarida kasanachilik asosida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shu tariqa bandlikni ta’minlashning bir nechta shakli rivojlanmoqda.
Tikuvchilik sohasidagi imkoniyatlar bundan ham keng. Respublika ishchi guruhi a’zolari “Bunyodkor tikuvchi qizlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishib, korxonada yaratilgan sharoitlar, mavjud quvvat, foydalanilmayotgan zaxiralar va faoliyatdagi muammolarni o‘rgandi. Korxona quvvatini oshirish, aniqlangan masalalarni bartaraf etish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
[gallery-31797]
“Nodira” tikuvchilik o‘quv markazida tikuvchilik kasbini egallash istagidagi xotin-qizlarga nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar berilmoqda. Bu imkoniyat fuqarolarga kasb egallash bilan birga, kelgusida mustaqil daromad manbaini shakllantirish uchun ham zamin yaratadi.
Bunyodkor mahallasidagi jarayonlar bir-birini to‘ldirmoqda: kasb o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va xonadonbay mehnatni qo‘llab-quvvatlash yagona zanjirga aylanmoqda. Bu esa mahallada iqtisodiy faollikni oshirishning amaliy modeli sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ishchi guruhi o‘rganishlari davomida mahalladagi ijtimoiy ob’ektlarda aholi uchun yaratilgan sharoitlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahalla hududidagi 9- umumta’lim maktabida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va munosib tarbiya topishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport maydonchalarining holati hamda muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Ayni o‘rganishlar jarayonida ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun yaratilgan sharoitlar, tadbirkorlik sub’ektlari sonini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hali to‘liq ishga solinmagan zaxiralardan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Zero, mahalla taraqqiyotini faqat qurilgan ob’ektlar yoki obodonlashtirish ishlari bilan baholab bo‘lmaydi. Uning asosiy mezoni odamlarning turmushidagi o‘zgarish, oilaviy daromadning o‘sishi, yangi kasb egallagan fuqarolar va yaratilgan barqaror ish o‘rinlaridir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri