Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy reja tasdiqlandi
2035-yilgacha mo‘ljallangan ushbu hujjat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish global tashabbusi bilan uyg‘unlashtirildi.
Dunyo bo‘yicha har yili 400 ming nafar bola va o‘smirga onkologik va gematologik kasalliklar tashxisi qo‘yiladi. Yuqori daromadli mamlakatlarda ularning besh yillik yashovchanlik darajasi 80 foizdan ziyod. Biroq past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich, afsuski, 20-30 foizga teng.
Albatta, ushbu global muammoni hal etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi “2025-2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadni ko‘zlab qabul qilingan.
Qaror ijrosi doirasida Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu hujjat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurash global tashabbusi bilan uyg‘unlashtirildi.
Milliy rejaga ko‘ra, O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan har bir bolani, geografik joylashuvi va iqtisodiy holatidan qat’i nazar, o‘z vaqtida tashxislash va uning samarali davolanish imkoniyatini ta’minlash maqsad qilingan.
Shuningdek, bolalar saratonini erta bosqichlarda aniqlash holatlari ulushini 65 foizgacha oshirish, bunday bemor o‘g‘il-qizlarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish belgilangan.
Jumladan, ana shu islohotlar natijasida bolalarda onkologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash tizimi takomillashtiriladi. Hududlarda ham diagnostika xizmatlari qamrovi oshirilib, zamonaviy laboratoriya hamda instrumental tekshiruvlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Davolashning barcha ilg‘or usullari, jumladan, target va immunoterapiyadan foydalanish imkoniyatlari oshiriladi. Soha uchun malakali tibbiy kadrlar tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirish choralari ko‘riladi. Bolalar kanser-registri, elektron tibbiy karta va teletibbiyot kabi raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Palliativ yordam, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiya xizmatlari rivojlantiriladi.
Milliy reja erta tashxisdan tortib, bolaning to‘liq reabilitatsiyasi va odatiy sog‘lom hayotga qaytishigacha bo‘lgan butun tizimni qamrab oladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA