Bozorlardagi yong‘in xavfsizligiga jiddiy qarashimiz kerak
Yaqinda “Bozorlardagi yong‘in xavfsizligiga kim qarshi bo‘lmoqda?” sarlavhasi ostida Abu Saxiy bozoridagi yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan hudud mavzusini ko‘targan edik.
Unda FVV, tadbirkorlar va bozor egalari o‘rtasida yillar davomida yechilmayotgan muammo bayon etilgan.
Mazkur mavzu atrofida aylanayotgan voqealar rivojiga qisqacha to‘xatladigan bo‘lsak, Abu Saxiy bozoridagi 1-blok yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermasligi bois FVV Chilonzor tuman boshqarmasining qarori bilan 10 kun muddatga vaqtincha yopilgan edi.
Bozorning 1-bloki yong‘in talabalariga javob bermas ekan, nega yana qayta ochildi, degan savol tug‘iladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlarning bosimi ostida qayta ochilgan ekan. Ushbu hududda savdo qilayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, haqiqatdan ularga nima bo‘lganda ham bozor to‘xtamasligi, savdo davom etishi muhim. Yong‘in xavfsizligidan ko‘ra kunlik tushayotgan daromad muhimroq ekan.
Voqea-hodisalarga e’tiborsiz odamga ham ma’lumki, shu kunlardagi yong‘in bo‘yicha falokatlar asosan bozorlarda ro‘y bermoqda. Xususan, “Uch qahramon”, “Aviasozlar” va “Beshqo‘rg‘on” bozorlaridagi yonig‘inlar so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LPWg9xgNLrE?si=uAajKARdSKsjRRqK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Buning sababi shundaki, kichkinagina ko‘ringan hududda ham minglab do‘konlar joy olishi va har bir do‘kon elektr energiyasiga ulanishi kattagina chigallik va bosimni keltirib chiqarishi tabiiy, albatta. Natijada qayerdadir ko‘ringan birgina uchqunning o‘zi barchasini bir zumda yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Toshkent savdo markazidagi yong‘in talablariga javob bermaydigan blokda ham konteynerlardan tashkil topgan 847 ta do‘kon mavjud bo‘lib, ularning har biriga elektr energiyasi o‘tkazilgan. Shularini hisobga olib ro‘y-rost aytadigan bo‘lsak, mazkur blok falokat maydonining o‘zginasi emasmi?
O‘zbekistondagi eng gavjum bozor bo‘lmish Abu Saxiy bozoriga bir kunda 150 – 200 ming nafar atrofida odamlar kelib-ketishini hisobga olgan holda aytadigan bo‘lsak, yong‘in xavfsizligi talabalariga jiddiy va qat’iy qarashimiz kerak. Eng tezkor o‘t o‘chirish transportlari ham bozorning favqulodda falokat maydoniga yetib kelishi uchun bir necha o‘n daqiqalar kerak bo‘ladi. Falokatlar ichida eng xavflilaridan bo‘lgan o‘t balosi daqiqalar emas, soniyalarda ko‘p narsani hal qilib qo‘yishi bor gap. Shunday ekan, bevosita mas’ul tashkilotlar, xususan, Toshkent shahar hokimligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur muammoga “panja” ortidan qaramasligi lozim.
Yonib ketgan mol-mulkimiz o‘rnini vaqt o‘tishi bilan to‘ldirishimiz mumkin, ammo oddiygina e’tiborsizliklar oqibatida yo‘qotilgan inson hayotining o‘rnini hech qanday kompensatsiyalar bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
Shu yerda haqli savol tug‘iladi: insonlar hayoti uchun xatarli hisoblangan ushbu hudud kimga kerak?
Vaziyatga zimdan qaraydiganlar uchun yong‘in xavfsizligi bozor rahbariyati uchun ham eng so‘nggi va ahamiyatsiz masalalaridan biri deb o‘ylashi mumkin. Ammo, biz o‘ylagandek emas, aksincha, bozor rahbariyati ham yong‘in talablariga javob bermaydigan hududdan qattiq xavotirda ekan.
“Biz qachonlardir sodir bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan falokatdan xavotirdamiz. Xudo ko‘rsatmasin, yong‘in chiqadigan bo‘lsa, asosan mato sotiladigan blokdagi yong‘in boshqa bloklarga ham o‘tib ketishidan xavotirdamiz”, dedi bozor rahbariyati.
Yillar davomida xavotir va hadik bilan yashab kelayotgan Toshkent savdo markazi rahbariyati yong‘in talablariga javob bermaydigan blok qayta ta’mirlanadigan bo‘lsa, ta’mirlash vaqtida tadbirkorlarga vaqtincha joy qilib berishga ham va’da berishdi.
Ammo ushbu hududda savdo qilayotgan tadbirkorlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan bozorning zamonaviy va xavfsiz bo‘lishini istashmaydi.
Joriy yilning 9-aprel kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chilonzor tuman boshqarmasi Toshkent savdo markazidagi 1-blok yong‘in talablariga javob bermaydi, deya qaror chiqargan. Mazkur qaror ijrosi asosida qanday amaliy choralar ko‘rilayotgani bo‘yicha FVV Toshkent shahar bosh boshqarmasidan izoh so‘radik. Bosh boshqarma matbuot xizmati ushbu blokning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga hujjatlar taqdim qilinganini va sud qarori kutilayotganini ma’lum qildi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Toshkent savdo markazidagi yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan bloki bugungi kunda xavf-xatardan xoli bo‘lmagan hududga aylangan. Buni Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari ham tasdiqlamoqda.
Shu o‘rinda yana bir eslatma: bevosita hududi bo‘lgani uchun Toshkent shahar hokimligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur muammoga jiddiy e’tibor berishlarini so‘rab qolamiz.
Falokat boshlanmasidan uning uning oldini olish uchun faqat hujjat va hisobotlar yig‘ilmasdan mas’ullar amaliy harakatni hozirdanoq boshlashi zarur. Aks holda ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Sh.Otaboyev, N.Abduvoitov (video), O‘zA