Bozordagi tartib — aholi salomatligi kafolati
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi "Pshog‘or" dehqon bozorida o‘tkazilgan navbatdagi profilaktik reyd oddiy tekshiruv emas, balki aholi salomatligini asrashga qaratilgan muhim tadbir sifatida namoyon bo‘ldi. Zero, bozor — kundalik ehtiyojlar qondiriladigan maskan bo‘lishi bilan birga, sanitariya va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini talab qiladigan jamoat joyidir.
Keng qamrovli reyd karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislari hamkorligida tashkil etildi. Ular tomonidan bozor hududidagi savdo jarayonlari, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holati, sanitariya va veterinariya talablariga muvofiqligi atroflicha o‘rganildi. Bu jarayonda fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham e’tibordan chetda qolmadi.



Ayniqsa, go‘sht va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizligi masalasiga alohida urg‘u berildi. Savdoga qo‘yilgan mahsulotlarning veterinariya nazoratidan o‘tganligi, ularning belgilangan tartibda saqlanayotgani, iste’molchilar uchun xavfsizligi sinchkovlik bilan tekshirildi. Bu esa bozorda nafaqat tartib-intizom, balki inson salomatligiga mas’uliyatli yondashuv ustuvor ekanini ko‘rsatdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri