Yozyovon Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylanadi (+video)
Yozyovon tumani cho‘l hududida joylashgan emasmi, iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha edi. Masalan, sanoat bo‘yicha viloyatda 18-, eksport va servisda 17-, qishloq xo‘jaligida 15-o‘rinda turibdi. Bu yil tumanga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun byudjetdan 30 milliard so‘m berilmoqda, birinchi chorakda tumanda yana 5,5 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Ammo bular tub o‘zgarishlar qilish uchun yetarli emas.

Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida bu holatga e’tiroz bildirdi va ahvolni yaxshilash choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
– Yozyovon yangi qiyofadagi tumanlar qatoriga kiritildi va 150 milliard so‘m mablag‘ ajratib berildi. Uni tadbirkorlarning samarali loyihalari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlariga sarflaymiz, – deydi tuman hokimining 1-o‘rinbosari Akramjon Eraliyev. –Prezidentimiz tumanimizning sanoat salohiyatini asosli ravishda tanqid qildilar. Darhaqiqat, tumanning viloyat sanoatidagi ulushi atigi 1 foizni tashkil qiladi. Prezidentimizga minnatdorchilik bildirmoqchimizki, ularning qarorlari bilan yer toifalari o‘zgartirilib, 52 gektar maydon kichik sanoat zonasiga aylantirildi. Bu yerda qo‘shimcha qiymatli, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 60 dan ziyod loyihalarni joylashtiramiz.

A-373 magistral yo‘lining Yozyovondan o‘tgan 35 kilometr qismidan kuniga 30 ming transport qatnaydi. Tumanda logistika markazlari va yirik omborlar ko‘paysa, yo‘l bo‘yida mehmonxona, yoqilg‘i shoxobchasi va ovqatlanish joylariga talab ikki karra oshadi.
– Bizda juda ham qulay imkoniyat bo‘laturib undan unumli foydalanmaganmiz. Bu A–373 magistral yo‘lidir, – deydi Akramjon Eraliyev. –Avvallari unda 15-20 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatar edi. Hozirning o‘zida ularni yuzdan oshirish choralarini ko‘ryapmiz. Chunki Prezident bu masalada alohida vazifa qo‘ydi. Sun’iy intellektning hisob-kitobiga ko‘ra magistral yo‘l yoqasida 6000 ta ish o‘rni yaratish imkoni mavjud ekan. Mehmonxona, kemping, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalari qurishni boshladik.

Tuman hokimiga logistikani tumanning “drayveri”ga aylantirish orqali servis, sanoat va qishloq xo‘jaligini ham rivojlantirish, tuman iqtisodiyotidagi aylanmani 1 trillion so‘mga oshirish topshirildi.
– Sanoat bo‘yicha 681 millard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni reja qilib olgandik. Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlatimiz rahbari uni 1 trillion so‘mga yetkazish vazifasini topshirdilar. Uni bajarishning imkoniyatlari bor. Tumanni albatta namunali hududga aylantiramiz, – deydi hokim o‘rinbosari.

Tumanda 1400 gektar yer aholiga ijara asosida berilgan. Ularda eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Cho‘l hududidagi 600 gektar yerda sholichlik klasteri tashkil etildi. Ma’lumki, Yozyovonda yuzga yaqin baliqchilik ko‘llari mavjud. Endi ularning yuzasida Vetnam usulida kasetalarda sholi yetishtirishmoqchi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi Yozyovon tumani tarixida yuksalish sahifasini ochmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/B0WW27IOPto" title="Yozyovon Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA