Bozor mexanizmi: ko‘mir ta’minotida yangi tizim
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash muhim vazifalardan biri. Ayniqsa, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojni o‘z vaqtida qoplash, mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishda ochiqlik va raqobatni ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda mamlakatimizda 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ko‘mir ta’minoti tizimida yangi yondashuv joriy etildi. Bu borada “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, aholi va byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashning yangi tartibi, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zbekko‘mir” AJ Marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ko‘chimov ishtirok etdi. Ta’kidlanganidek, joriy yildan aholi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berishda bozor mexanizmlariga asoslangan yangi tartib yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori bilan sohada bozor tamoyillarini joriy etish belgilangani bilan bog‘liq.
Yangi tartibning muhim jihati mahalliy ko‘mir uchun davlat tomonidan qat’iy narx belgilash amaliyoti bekor qilinganidir. Endi “O‘zbekko‘mir” AJ aholi va byudjet tashkilotlari uchun mo‘ljallangan mahsulotni belgilangan hajmlarda birja savdolariga ochiq va shaffof tarzda chiqaradi.
Talablarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari esa ko‘mirni birja orqali xarid qilib, uni aholiga yetkazib beradi. Bunda mahsulotning xarid qilinishi, tashilishi, saqlanishi va boshqa xarajatlar bozor sharoitida shakllanadigan narxda inobatga olinadi. Joriy yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi iste’molchilariga 1 million 530 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan.
Xususan, 6-oktabr holatiga ko‘ra aholi uchun 377 ming 85 tonna ko‘mir birja savdolariga chiqarildi. Shundan 273 ming 505 tonnasi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xarid qilindi. Xarid qilingan ko‘mirning 18 ming 797 tonnasi ortib yuborilgan bo‘lib, shundan 9 ming 413 tonnasi qabul qilib olingan. Shuningdek, 6-oktabr holatiga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan aholiga 7 ming 532 tonna ko‘mir sotildi.
– Har bir tumanda kamida uchta tadbirkorlik sub’ektidan iborat ko‘mir sotuvchilari ro‘yxatini shakllantirish nazarda tutilgan, – deydi “O‘zbekko‘mir” AJ Marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ko‘chimov. – Bu, o‘z navbatida, aholiga bir nechta sotuvchi xizmatidan foydalanish, mahsulot va narxlarni solishtirish hamda o‘zi uchun maqbul variantni tanlash imkonini beradi. Ya’ni yangi tizimda ko‘mir ta’minoti faqat mahsulotni yetkazib berish bilan cheklanmay, iste’molchi uchun tanlov va tadbirkor uchun raqobat muhitini yaratish tamoyiliga asoslanmoqda.
Bunda “O‘zbekko‘mir” AJning asosiy vazifasi — aholi va byudjet tashkilotlari ehtiyoji uchun zarur ko‘mirni qazib chiqarish, uni belgilangan hajmlarda o‘z vaqtida birja savdolariga chiqarish hamda bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratishdan iborat.

Kuz-qish mavsumi davomida aholi ehtiyojini zarur hajmdagi ko‘mir bilan ta’minlash, mahsulotni o‘z vaqtida birja savdolariga chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish ishlari belgilangan tartibda davom ettiriladi.
Shu tariqa sohada joriy etilayotgan yangi tizim ko‘mir bozorida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida raqobatni rivojlantirish va eng muhimi, aholi uchun tanlov imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.