O‘zbekistonda rus tiliga bo‘lgan talab va uning ahamiyati saqlanib qolmoqda
Rus tili ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning madaniy va ma’rifiy hayotida muhim o‘rin tutib kelmoqda. Hamyurtlarimiz bu tilda so‘zlashadi, mutolaa qiladi, ta’lim oladi va o‘zaro muloqot qiladi. Til va axborot sohasidagi jadal o‘zgarishlar sharoitida bugungi kunda rus tilining o‘rni qanday va mamlakatimizda ushbu tilni rivojlantirish uchun qanday istiqbollar mavjud, degan savol dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Rus tilining ahamiyati, uning ta’lim tizimidagi o‘rni, ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlashda adabiyot va madaniyatning roli hamda rus tilini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan suhbatlashdik.
— Til — nafaqat insonlar bilan muloqot qilish vositasi, balki, eng muhimi, mumtoz adiblarimizdan birining ta’biri bilan aytganda, «insoniyat yaratgan barcha boyliklarni» o‘zlashtirishning ajoyib va qudratli qurolidir, — deydi Aleksey Yerxov. — Ochig‘ini aytsam, rus tilini bor jozibasi va ulug‘vorligi bilan his qilish hamda o‘rganish baxtiga muyassar bo‘lganimdan xursandman. «Juda oson, o‘ynab-kulib o‘rganganman», deb ayta olmayman-u, lekin buni ortiqcha mashaqqatsiz uddalaganman. Balki bunga bolaligimda, kechalari ko‘rpa ostida qo‘lchiroq yorug‘ida o‘qigan yuzlab kitoblarim sabab bo‘lgandir. Yoxud irsiyat o‘z so‘zini aytgandir — har holda, onam rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lganlar.
— Ba’zan hatto do‘stlarim ham biron-bir so‘zni qanday to‘g‘ri yozish kerakligi borasida ikkilanib qolishsa: «Uning onasi o‘qituvchi-ku, u aniq biladi», deya mendan so‘rashardi. Darvoqe, otam ma’lumoti va tabiatiga ko‘ra sof texnik soha mutaxassisi bo‘lsa-da, uning hamkasblari ham otam haqida xuddi shunday deyishardi: «Uning rafiqasi o‘qituvchi-ku, u bilishi aniq».
Aleksey Yerxov O‘zbekiston ta’lim tizimida rus tilining o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatimizda rus tili hamon ehtiyoj yuqori bo‘lgan va keng tarqalgan tillardan biri bo‘lib qolmoqda.
— O‘zbekistonda rus tili avvalgidek kerakli va sevimli til ekanini hech ikkilanmay ayta olaman. Juda ko‘pchilik bu tilni biladi. Avvalo, bu — sifatli ta’lim, ayniqsa, aniq fanlar bo‘yicha darsliklar va o‘quv dasturlari tilidir. Yana bir muhim omil — rus tili Rossiyaga ko‘chib o‘tish yoki borib ishlash uchun ham juda zarur. Hozir u yerda bir millionga yaqin o‘zbekistonliklar istiqomat qiladi va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida ular, albatta, rus tilini bilish darajasi bo‘yicha sinovdan o‘tadilar.
Rus tilini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar haqida so‘z yuritar ekan, diplomat, birinchi navbatda, o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning sonini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
— Bizga, eng avvalo, o‘qituvchilar, ya’ni rus tilini chet tili sifatida o‘rgatadigan hamda turli fanlardan rus tilida dars beradigan o‘qituvchilar kerak. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz pedagoglar sonini ko‘paytirish masalasida bizga bir necha bor murojaat qilishgan. Joriy o‘quv yilida mavjud dasturlar doirasida ularning sonini taxminan 200 nafarga yetkazishga erishdik, ammo bu hali yetarli emas. Yanada ko‘proq o‘qituvchilarga ehtiyoj bor va biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz.
Elchining fikricha, rus tiliga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolishda madaniy hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Rossiya san’atkorlarining konsertlari, teatr tomoshalari va madaniy festivallar ko‘plab tomoshabinlarni o‘ziga jalb etmoqda.
— Madaniyat va san’at allaqachon xalqlarni birlashtiruvchi oltin ko‘prikka aylanib ulgurgan va kelajakda ham shunday bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman. Bunga talab benihoya katta. Yurtingizda rossiyalik ijrochilar ishtirokida o‘tadigan konsertlar, teatr tomoshalari va madaniy festivallarda zallar hamisha gavjum bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zaro madaniy-gumanitar rishtalarimiz qanchalik mustahkam ekanining yorqin ifodasidir.
Aziza Alimova, O‘zA